– Assalomu alaykum, Botirjon aka, juda ko‘p o‘zbekistonliklarning tashqi iqtisodiy faoliyati Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgani uchun so‘ramoqchiman, u yerda virusga qarshi kurash qanday kechmoqda, yuqori va mahalliy rahbarlar qanday choralar ko‘ryapti?

– Vaalaykum assalom, Rossiya hukumati o‘zi uchun kerakli bo‘lgan qarorlarni qabul qilyapti. Vaziyatga qarab odamlarni o‘zini ihotalashga chaqiryapti. Odamlarni kamroq ko‘chaga chiqishini kamaytirish maqsadida davlat tomonidan avval 5 aprelgacha, keyin esa 30 aprelgacha dam olish deb e'lon qilindi. Bunga ham e'tibor bermay, ko‘chaga chiqadigan bo‘lsa, maxsus ruxsatnomalar talab qilishga o‘tildi.

 Botirjon Shermuhammad

Shu o‘rinda aytish kerak, Rossiyada odamlar koronavirusga nisbatan O‘zbekistondagiga qaraganda ham mas'uliyatsizlik bilan qarayapti. Buni ko‘chalarda odamlarning niqob taqmay yurishidan sezish mumkin. Bundan tashqari, pandemiya xavfi va u olib keladigan muammolar judayam bo‘rttirilgan degan qarashdagi odamlar (hatto yuristlar orasida kuzatilmoqda) mavjud.

Shu bilan birga Rossiyada va g‘arb davlatlarida sharq mamlakatlarida yo‘lga qo‘yilgan, davlat va xalq pul yig‘ib muhtojlarga yetkazish choralarini ko‘rish uchun birgalikda harakat qilmayapti. Faqat davlatni o‘zi har xil imtiyozlar, soliq cheklovlari berilyapti-ku, lekin masalan Turkiya yoki O‘zbekistondagiga o‘xshagan ishlarni yo‘lga qo‘ymadi hozircha.  

– Zarnigor opa, O‘zbekistonda karantin cheklovlari qat'iy o‘rnatilgan va uni buzganlik uchun jarimalar ham belgilangan. Rossiyada bu borada holat qanday?

Zarnigor Omonullayeva 

– Rossiya Federatsiyasining pandemiyaga qarshi kurashish siyosati shunaqaki, har bir ma'muriy hudud o‘z yerida pandemiyaga qarshi qanday kurashni lozim topsa, shunga mos choralar ko‘ryapti. Moskva oblasti alohida sub'yekt bo‘lishiga qaramasdan uning tarkibiga kiruvchi yana boshqa ma'muriy hududlar bor va ular o‘z moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib choralar qo‘llayapti. Misol uchun, kam ta'minlangan, ko‘p bolali oilalarga davlat yordam pulini ko‘paytirgan bo‘lsa-da, mahalliy hokimiyatlar ham yordam ko‘rsatyapti. Ya'ni har bir mintaqa pandemiyaga o‘z sharoitidan kelib chiqib nimani to‘g‘ri deb bilsa shunday ravishda kurashyapti.