Bugun Donald Tramp koronavirusni nur va dezinfeksiya vositalari bilan davolashni taklif qilib, amerikalik shifokorlar g‘azabini qo‘zitdi. Dunyodagi musulmonlar Ramazon oyini karantin sharoitida boshlashdi, Shvetsiyadagi olimlar esa o‘lim holatlari o‘sa boshlagach, mamlakatning bosh epidemiologi iste'fosini talab qilishmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda Covid-19’dan zararlanish holatlari soni 2,8 milliondan oshdi, 196 mingga yaqin kishi vafot etdi, 778,3 mingdan ortiq kishi tuzaldi.

BBC koronavirus pandemiyasi to‘g‘risidagi so‘nggi yangiliklarni keltiradi.

AQShdagi tibbiyotchilar Donald Trampning koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha maslahatlarini xavfli deb atashmoqda. Oq uydagi har kungi brifing vaqtida AQSh prezidenti Covid-19 bilan kasallangan bemorlarga dezinfeksiyalash vositalari bilan ukollar qilish, shuningdek, bemorlarni  issiq kunlarda quyosh nuri orqali davolash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotlar, oddiy xlor 5 daqiqa ichida virusni yo‘q qilishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng ko‘plab shifokorlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va OAV orqali amerikaliklarni Trampga quloq solmaslikka chaqirib, uning quyosh va dezinfeksiyalash vositalari bilan davolanish haqidagi takliflari mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi, quyosh nurida davolanishga urinish kuyish, teri saratoni yoki boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi. Bu tanqidlarga javoban Oq uy vakili jurnalistlar Trampning so‘zlarini kontekstdan yulib olib xabar tayyorlashganini aytib, davlat rahbari o‘z chiqishlarida hamisha shifokorlarning tavsiyalariga amal qilishga chaqirib kelayotganini ta'kidladi.

Bu vaqtda AQSh prezidentligi uchun demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden Donald Tramp pandemiyadan foydalanib, noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarini qoldirishga urinishi mumkinligi haqida gapirdi.

GETTY IMAGES

AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 50 mingdan oshib ketdi, mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 900 mingdan oshgan. Qo‘shma Shtatlar dunyoda eng ko‘p qurbon bergan davlat, ammo bu davlat aholisi ham (330 million kishi) Yevropada koronavirusdan eng ko‘p jabrlangan Italiya va Ispaniya aholisidan sezilarli darajada ko‘pdir.