* Intervyu olingandan so‘ng suhbatdoshimiz Ja'far Irismetovning onasi olamdan o‘tgani ma'lum bo‘ldi. Ijodiy jamoamiz Ja'far Irismetov va oilasiga hamdardlik izhor qiladi.

– Ja'far aka, yaqinda Jaloliddin Masharipov bilan suhbatlashganimizda, «Paxtakor» uni qo‘yib yuborsa, yaxshi bo‘lishi haqida gapirdi. Shu masalaga oydinlik kiritsangiz, Masharipovning transfer narxi qancha?

– To‘g‘risi, Arveladze Masharipovni o‘zimizda olib qolishni istayapti. Bilasiz, u jamoa yetakchilaridan. Pandemiya sababli Osiyo chempionlar ligasi taqdiri so‘roq ostida qolgan bo‘lsa-da, bu musobaqadagi vazifamiz kamida yarim finalgacha borish. Shu bois Jaloliddinni qo‘yib yuborish niyatimiz yo‘q edi.

Bu masalada Chempionlar Ligasidagi vaziyatga qarab ish tutmoqchi edik. Ya'ni, OChL davom ettirilsa, transfer masalasi haqida o‘ylamayotgandik, musobaqa davom etmasligi aniq bo‘lsa, bu haqda o‘ylasa bo‘lardi. Chunki Masharipovning ham ketadigan vaqti bo‘lgan. Futbolchining o‘zi aytganidek, «Trabzonspor» hali real summa haqida gapirgani yo‘q. Boshqa arab klublaridan taklif bor, ammo hali klub istagan mablag‘ taklif qilingani yo‘q. Masharipovning transfer masalasi hozircha ochiq qolmoqda.

– Futbolchining o‘zi bilan gaplashib ko‘rdingizmi?

– Masharipovning o‘zi «Paxtakor»dan chiqqanman, bu klub uchun jonimni beraman, deyapti. Bilasiz, «Paxtakor» moliyaviy jihatdan arab davlatlarining boy klublari bilan raqobatlasha olmaydi. Misol uchun, ular taklif qilayotgan sharoitlarni biz futbolchilarga yaratib bera olmaymiz. Shunga qaramay, Masharipov bilan muzokara olib borib, amaldagi shartnomasini yangilashga harakat qilyapmiz. Ya'ni, maoshini ham ko‘tarib, uni olib qolish harakatidamiz. Uning amaldagi shartnomasi yana bir yil amal qiladi.

– Aytaylik, Jaloliddin ketaman deb turib olsa, oxirgi qarorni klub qabul qiladimi yoki futbolchining ko‘ngliga qaraysizlarmi?

– Bu masalada biz futbolchini, u esa klubni tushunishi lozim. Ikki tomon kelishgan holda bir qarorga kelamiz. Jaloliddin oxirgi ikki yilda katta o‘sishga erishdi va bunda klubning ham hissasi bor. «Paxtakor» uni yaxshigina reklama qildi. Endi oltin oraliqni topishimiz kerak.

– Futbolchining o‘zi Osiyo emas, Yevropaga ketmoqchi ekanligini aytdi. «Trabzonspor»ning taklifi jiddiy bo‘lsa, klub Masharipovning o‘rniga boshqa futbolchi topib, uni qo‘yib yuborishi yaxshi emasmi?

– Yaxshi, lekin «Trabzonspor»da Masharipovning nuqtasida nigeriyalik futbolchi yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Buni ham hisobga olish kerak. Futbolchimiz u yerda zaxirada qolib ketishi ham mumkin. Bu milliy jamoaga minus bo‘lishi mumkin. Balki ular bu transferni zaxira varianti sifatida ko‘rishayotgandir? Har holda istalgan klub bir chiziqda ikkita yaxshi futbolchisi bo‘lishini istaydi. Agar Jaloliddin aniq asosiy tarkibda o‘ynaydigan bo‘lsa, albatta Yevropaga ketish yaxshi variant.