«Cheran va Sergeyevga «Buriram Yunayted» xaridor bo‘lmoqda»

- Jamoadan 5 kishi ketdi. Asosiy yo‘qotishlarimiz Jaloliddin Masharipov va Dostonbek Hamdamov. Igor Sergeyev yig‘inga qo‘shilmagani sababi – biz u bilan muzokaralar olib boryapmiz va imkon qadar klubda olib qolmoqchimiz. Har bir futbolchi faoliyati davomida sharoitini yaxshilab olgisi keladi. Bilasiz, futbolchining faoliyati qisqa. Ayni paytda nafaqat Sergeyev bilan, umuman olganda bizga biroz qiyin bo‘layotgan jihat shuki, futbolchilarimizga takliflar ko‘p va xorij jamoalari asosan katta maosh evaziga futbolchilarimizni chorlayapti. Biz esa bunday maoshlar to‘lashimiz qiyinroq va aynan shu sababli o‘yinchilarimizni ushlab qolishimiz qiyin bo‘lyapti.

 O‘zbekiston miqyosida maoshlarni ko‘tarib yubormaslikka harakat qilyapmiz, chunki boshqa klublarimiz ham qiynalib qolishi mumkin bu darajaga yetkaza olmay. Deyarli 90 foiz futbolchilarimizni saqlab qola oldik. O‘tgan mavsum ham, bunisida ham Tailandning «Buriram Yunayted» klubi Sergeyev va Cheranga xaridor bo‘lmoqda. Igorga rahmat, o‘tgan mavsum o‘ynab berdi, chunki o‘zaro og‘zaki, erkakcha kelishuvimiz bor edi va u bunga amal qildi. U «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi va bizga kerak bo‘lgan paytda yo‘q demadi. Aks holda o‘tgan mavsumdayoq ancha katta maosh beradigan jamoaga ketishi mumkin edi. U 2 yildan beri yuqori darajada o‘ynayapti, ko‘plab gollar uryapti. Fikrimcha, Shomurodovni hisobga olmasak, u O‘zbekistondagi eng kuchli hujumchi – O‘zbekistonda to‘p tepayotgan hujumchilar orasida eng kuchlisi. Boshqa hujumchilar ham yaxshi, lekin Igorning natijalari raqamlarda ham ko‘rinib turibdi. Muzokaralar davom etyapti, uning o‘zi ham bizning taklifimizni kutyapti. Oson bo‘lmaydi. Amirliklar jamoalaridan ham katta qiymatli takliflar bor. Raqamlar va jamoalarni oshkor qilolmayman, hammasi yakuniga yetsa, bilib olasiz. Ha mayli, olti raqamli summalar ekanini ayta qolay.

 Futbolchilarimiz bizga kerak. Iloji boricha ushlab qolishga urinamiz, ammo yuqorida aytganimdek, katta pulli takliflar oldida biroz qiynalib qolyapmiz. Masalan, Islom Kenjaboyev «Nasaf»dan Koreyaga ketdi. Adashmasam, uning maoshi bu yerdagidan 5 barobar ko‘p bo‘lgan. Qarang, aynan moliyaviy afzalliklar rol o‘ynayapti, bo‘lmasa O‘zbekistonda ham o‘ynab yuraversa bo‘lardi-ku.

 «Narxi 700.000 dollar bo‘lgan Doston Hamdamov erkin agent sifatida ketdi»

- Men o‘zim futbolchi bo‘lganman va futbolchilarni juda yaxshi tushunaman. Hammamiz vatanparvarmiz, lekin kimdir sizga «kel, falon yil futbol o‘ynaganding, manavini olib qo‘y», demaydi. Faoliyatimiz qisqa. Futbolni tugatgandan keyingi hayotimizni ham o‘ylashimiz kerak. Boring ana, 35 yoshgacha o‘ynaymiz. Keyin-chi? Hamma ham funksioner bo‘la olmaydi. 3-4 kishi murabbiy bo‘lar, yana kimlardir sport direktori bo‘lar, yana kimdir administrator, ammo barcha futbolchilar ham shu yo‘nalishda ketmaydi-da. Sobiq futbolchilarning 70 foizi ishsiz qoladi. O‘sha faoliyatimizda orttirgan pullarni keyin biznesga tikamiz yo boshqa ishlar qilamiz...