Jahon | 01:57 / 05.06.2020
8012
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik muhandislar hech qachon sirpanmaydigan poyabzal tagligini ishlab chiqishdi

Amerikalik muhandislar ishlab chiqqan sirpanmaydigan poyabzal tagligi keksa odamlarni davolash va ularni sug‘urtalashda milliardlab dollar tejash imkonini beradi, chunki yiqilishlar keksalar o‘limining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

Foto: MIT News

Massachusets texnologiya universiteti muhandislari ishtirokida yaratilgan material ustiga ilon terisi ko‘rinishida tushirilgan naqshli yupqa va qayishqoq po‘lat plastinkaga o‘xshaydi. Ushbu materialning asosiy siri – bir-biri ustiga chiqqan o‘nlab tangachalar bo‘lib, ular yapon san'ati — kirigami qoidalari bo‘yicha terilgan. 

“Bunday materialdan ishlangan taglik yassi holatda silliq bo‘lib qoladi, biroq kichik egilishda ham, misol uchun, og‘irlik tovondan oyoq uchiga o‘tganda tangachalar “hurpayib”, yer bilan tishlashadi. Shu bilan birga ular poyabzalga sirpanmasligi uchun ba'zida taqiladigan tishlardan ancha kamroq og‘irlikka ega”, deb aytishgan ixtiro mualliflari. 

Muhandislarning ta'kidlashicha, bunday taglik sirpanishning tishlardan ko‘ra samaraliroq oldini oladi. Bundan tashqari, u poyabzal va sirt o‘rtasidagi ishqalanishni 20-35 foizga oshiradi.

G‘oya mualliflarining ta'kidlashicha, bunday plastinaning poyabzalda qo‘llanishi yiqilish xavfini ancha kamaytiradi va shu bilan ko‘plab hayotlarni saqlab qoladi va jarohat olganlarni davolashga ketadigan milliardlab dollarni tejab qolish imkonini beradi.

Mavzuga oid