14:44 / 05.06.2020
10242

O‘zbekistonda 750 mingga yaqin koronavirus testi o‘tkazildi

Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda so‘nggi bir kunda 18 655ta, shu vaqtga qadar jami 748 555ta koronavirus testi o‘tkazilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov ma'lum qildi.

Bugun, 5 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga oid ma'lumotlar taqdim etildi.

«O‘zbekistonda shu vaqtgacha jami 3 965 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, hozirgi kungacha 3 087 nafar bemor butunlay sog‘aydi, 862 nafar bemor davolanmoqda. So‘nggi 14 kun davomida tasdiqlangan 937ta kasallanish holatidan 412tasi (47 foizi) aholi orasidan, 525 nafari (53 foizi) xorijdan kelgan fuqarolar orasidan aniqlangan.

Bugungi kunda, koronavirus infeksiyasiga qarshi profilaktik hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar kuchaytirilgan tartibda davom ettirilmoqda. Bu jarayonga barcha kuch va vositalar jalb qilingan, jarayonning har bir bo‘g‘ini to‘liq nazoratga olingan», deya Botir Qurbonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Agentlik vakili epidemiologik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelganlar va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar haqida ham ma'lumot berdi.

«Epidemiologik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 49 117 nafar fuqaro salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda. Ulardan, 26 794 nafar fuqaro uy sharoitida, 22 323 nafar fuqaro statsionar sharoitda karantinga olingan.

Respublika bo‘yicha 45ta PZR laboratoriya kompleksida ish samaradorligi yuqori quvvatga ega, ekspress usulda ishlaydigan 75ta PsR apparatlari kun-u tun ishlamoqda va bu jarayonga 137 nafar tajribali vrach-virusologlar jalb qilingan.

Mavjud virusologik laboratoriyalarda oxirgi bir kunda 18 655ta, epid mavsum davomida 748 555ta test sinovlari o‘tkazildi», dedi Botir Qurbonov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top