Taloq haqida

— Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan rivoyat qilinadi: Iblis alayhila'na har kuni suvga tushib, suv orqali insonlarning tanasiga o‘z askarlari, shotirlarini yomonlik qilish uchun yuboradi. Kechqurun yana askarlarini yig‘ib, nima badbaxtlik qilding, qanday gunohlarga sababchi bo‘lding, deb hisob so‘rarkan.

Shaytonlarning biri «qotillikka sabab bo‘ldim», biri «odamni o‘g‘rilikka boshladim», deb aytib chiqsa, Iblis «hech narsa qilmabsan», deb javob berarkan. Shunda bir chekkada turgan shaytonvachchadan «sen nima karomat ko‘rsatding», deb so‘rasa, u «men er-xotinning orasiga tushdim, erning og‘zidan taloq chiqmaguncha, ularni tark qilmadim», deb javob beradi. Iblis buni eshitib, «sen qanday ham yaxshisan», deb maqtab, uning boshiga toj kiydirarkan.

Ulamolar bu hadisni sharhlab, hamma eng yomon jinoyatlar – qotillik, o‘g‘rilik, zino ham oilaning judo bo‘lishi, taloq natijasida kelib chiqadi, deyishadi.

Oilada ajralmasdan boshqa iloj bo‘lmay qolishi, ajrim eng oxirgi chora bo‘lishi mumkin. Ajrimni mutlaqo taqiqlab qo‘ysa, oila xiyonat bilan yashashga majbur bo‘ladi. Shuni inobatga olgan holda Islomda ajrimga ruxsat berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam: «Alloh o‘zi ruxsat berib, halol qilgan narsalar ichida o‘zi eng yomon ko‘radigani taloqdir», deydilar. Taloq hech iloji qolmagandagina qo‘yiladi.

Mir Arab madrasasida uzoq yil mudirlik qilgan ustozim Muxtorjon domla bizga shunday o‘rgatganlar: agar bir oila sizga ajrim, taloq masalasida murojaat qilsa, bu holatda oilani yarashtirishga ruxsat yo‘q deb kitobning 99 joyida aytilgan bo‘lsa-yu, bitta joyda yarashishga ruxsat bor, deyilgan bo‘lsa, mana shu bittani oling va oilani yarashtiring.

Nikoh masalasi

— Nikoh – muqaddas ibodat. Afsuski, oxirgi vaqtda nikohga panja orasidan qaraladigan bo‘lib qoldi. Unga odatiy, kunlik marosimdek munosabatda bo‘lishadi. Hamma narsaga vaqt topishadi – o‘yin-kulgiga, mashinalarni qatorlatib «ZAGS»ga borishga ham vaqt topishadi. Lekin nikohga kelganda, «10 daqiqa vaqtimiz bor, tezgina o‘qib bering», deyishadi.

Nikoh o‘qishga borsak, kelin-kuyovni ostonaga o‘tkazib qo‘yishadi, hamma qarab turadi. Eng muqaddas rishta ostonada bog‘lanmaydi. Kelin-kuyovni hurmat bilan ichkariga o‘tkazishsin, biz ularga pand-u nasihatlarimizni qilaylik.

Kelin butun umrini baxshida qilib, ota-onasining izmidan chiqib, erining izmiga kiradi. Kuyov qizni omonat o‘laroq qabul qiladi. Boqishi, o‘qitishi, kasal bo‘lsa davolatishi, hamma mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olishi kerak. Biz shuni nikoh o‘qish chog‘ida tushuntirishimiz, er-xotinning bir-birining oldidagi burch va vazifalarini o‘rgatishimiz kerak.