Muammo bilan tanishamiz. Hududdagi 44-umumta'lim maktabi binosining yarmi 2013 yili davlat ixtisoslashgan maktab-internatiga berilgan bo‘lib, internat 2018 yilda faoliyatini tugatgan kollej binosiga ko‘chib o‘tadi.

Mahalliy aholi vakillari DIMIdan bo‘shab qolgan binoni xususiy maktab uchun berilganidan norozi. Bunga esa o‘ziga xos sabablar bor.

«Farzandlarimiz ikki smenada o‘qiyapti, xonalar yetishmaydi»

O‘z qishlog‘i bolalarining sifatli ta'lim olishlarini istayotgan  murojaatchilarning fikrlariga birma-bir quloq soldik. Mahallaning yoshi ulug‘ insonlari Munisxon ona Jabborova, hozirda 84 yoshni qoralagan faxriy o‘qituvchi Ma'rufjon ota Ergashevlar muammo bo‘yicha kuyinib gapirishdi.

«44-umumta'lim maktabida 11 nabiram o‘qiydi. Maktab binosi bilan bog‘liq vaziyat haqida shu yilning mart oyida eshitib, mahalla ahli bilan to‘plandik. «Bino sotilyapti», degan gap-so‘z tarqalgach, odamlar xavotir olib yig‘ilgan ekan.

Tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri va tuman hokimligidan yana bir mas'ul shaxs ham keldi. Ular: «Otaxonlar, onaxonlar bizni to‘g‘ri tushunasizlar. Bino keraksiz bo‘lib qolganidan keyin, tadbirkor barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, o‘ziniki qilib oldi», deganidan so‘ng juda xafa bo‘lib, yuragim qaynab ketdi.

Mutasaddilarga: «Bu nima deganingiz? Men mana shu maktabni 1969 yili bitirganman. O‘sha paytlarda ham fizika, kimyo kabinetlari, laboratoriya, sport zallari bo‘lgan. Ishonsangiz, yoshlik paytimizdagi sharoitlar hozir mana 44-maktabda yo‘q. Nahotki, yildan yilga aholi soni ko‘payayotgani, qishloqda 32 ming nafar fuqaro yashayotganini bilib turib, tomi bitta, yaxlit binoni xususiylashtirishga qanday yo‘l qo‘ydingiz?

Sizlar aslida maktabni kengaytirish haqida o‘ylashingiz kerak edi. Kollejlar ochilganida maktablar 9 yillikka aylantirilgan edi. Mana, maktablar yana o‘n bir yillik bo‘ldi. O‘quvchi soni ko‘paydi. Shuni o‘ylamadinglarmi?» – dedim.