O‘zbekiston | 17:01 / 05.07.2020
45136
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 45 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. O‘zbekistonda virus qurbonlari soni 33taga yetdi

30 iyun kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga o‘ta og‘ir holatda yotqizilgan 45 yoshli bemor 5 iyul kuni o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 33-o‘lim holati bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor shifokorga kech murojaat qilishi uning vafotiga sabab bo‘lgani haqida xabar berdi.

«Poytaxtlik Z. 45 yoshga to‘lgan edi. Unda bir necha kun davomida koronavirus infeksiyasi alomatlari sezilib, tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik kuzatilgan.

Ammo shunday  bo‘lishiga qaramasdan u shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmay, uy sharoitida davolanib yurgan.

Natijada shu yilning 30 iyun kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga o‘ta og‘ir holatda, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan  olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga (erkak kishi) yurak ishemik kasalligi, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya dastlabki tashxisi qo‘yilgan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlar  va yetakchi mutaxassislar tomonidan kerakli maslahat va  telemeditsina orqali bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shu tariqa, O‘zbekistonda qatorasiga uch kun davomida ikkitadan o‘lim holati qayd etilmoqda. Bugun kun davomida Toshkentda 30 iyun kuni koronavirus aniqlangan 71 yoshli ayol olamdan o‘tgani xabar qilingandi.

Hozirgacha Toshkentda 19, Namanganda 4, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzuga oid