10:57 / 07.07.2020
41590

Samarqandda koronavirusdan yana bir o‘lim qayd etildi

Samarqandda 27 iyun kuni koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 61 yoshli ayol bemor olamdan o‘tdi. U O‘zbekistonda koronavirusning 38-qurboniga aylandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqandda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Samarqand viloyati Urgut tumanida yashagan 61 yoshli O.N. joriy yil 27 iyun kuni koronavirusga chalingan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganligi sababli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va davo muolajalari boshlangan.

Unga Covid-19 infeksiyasi og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi asorati bilan kechgan.

Bemor bundan avval surunkali buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, o‘tkir miokard infarkti bilan ham og‘rigan. 

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli Sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand davlat tibbiyot instituti mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiyalar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Samarqandda pandemiya davrida koronavirus tufayli vafot etganlar soni 3 nafarga yetdi.

Hozirgacha Toshkentda 23, Namanganda 4, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top