Jahon | 07:58 / 12.07.2020
23149
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng boy odamining sobiq rafiqasi AQShning eng boy ayoliga aylandi

Amazon aksiyalari bir haftada, ya'ni 2 iyuldan 9 iyulgacha 10 foizga oshgani sababli dunyoning eng boy odami, kompaniya asoschisi Jyeff Bezosning boyligi 16,2 mlrd dollarga ko‘paydi va 188,2 mlrd dollarga yetdi. Xuddi shu sababga ko‘ra, Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Bezosning boyligi ham ortdi, 62,3 mlrd dollarga yetdi va u AQShning eng boy ayoliga aylandi.   

Foto: Getty Images

Makkenzi Bezos 2019 yilda ajrashgandan keyin turmush o‘rtog‘iga tegishli aksiyalarning chorak qismini olgan. O‘sha vaqtda bu aksiyalar narxi 36 mlrd dollar turgan. Shundan beri aksiyalar narxi oshib borgan va Makkenzi Bezosning boyligi hozirga kelib deyarli 2 martaga ko‘paydi.

E'tiborlisi, Makkenzi Bezos ushbu ko‘rsatkich evaziga AQShning eng boy ayoliga aylandi. U bu borada Walmart kompaniyasi asoschisi Sem Uoltonning qizi Elis Uoltondan o‘zib ketdi. Hozirda Makkenzi Bezos boyligi miqdori bo‘yicha L'Oreal kompaniyasi asoschisining nabirasi Fransuaze Betankur-Mayyerdan ortda qolmoqda. Lilian Bettankurning nabirasi hozirda 64 mlrd dollarga egalik qilmoqda.  

Shuningdek, eng boy odamlarning umumiy reytingida ham erkaklar, ham ayollar orasida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, joriy haftada SpaceX kompaniyasi asoschisi va Tesla bosh direktori Ilon Mask ro‘yxatda bir nechta milliarderni, jumladan Berkshire Hathaway direktorlar kengashi raisi Uorren Baffett va Osiyoning eng boy odami, hindistonlik Mukesh Ambanini     ortda qoldirib, 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu Tesla aksiyalari 11 foizga ko‘tarilishi ortida Maskning boyligi 6,1 mlrd dollarga ortgandan keyin yuz bergan. Hozirda tadbirkorning boyligi 70,6 mlrd dollarga baholanmoqda.  

Mavzuga oid