Organizmning jaziramaga javobi qanday?
Harorat ko‘tarilishi bilan inson chanqoqlikni his qiladi va bu tananing tabiiy himoya harakati hisoblanadi. U 60 foiz suvdan iborat va bu suv chuchuk emas, balki sho‘rdir. Aynan shuning uchun ham ushbu «tuzlama»ning asosiy kimyoviy elementlari natriy (Na) va kaliy (K).
Tana ter ajratish va uni teri yuzasidan bug‘lab, o‘zini sovutishga harakat qiladi. Shu bilan birga, nafaqat suv, balki tuzlar, mikroelementlar va boshqa tarkibiy qismlar ham chiqib ketadi. Issiq havoda ter bilan namlikning maksimal yo‘qolishi marafon yuguruvchilarida qayd etildi va u soatiga ikki litrga yetishi mumkin.
Sog‘lom odamda suv yetishmasligini tushunishning eng oson yo‘li chanqoq hissi va diurezga – siyish chastotasi, siydik miqdori va konsentratsiyasiga e'tibor berishdir. Agar kichik hojat odatdagidan tez-tez va siydik juda to‘q, konsentratsiyalangan bo‘lsa, ehtimol ichimlik suvi iste'molini oshirish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ovqatlanishda ma'lum bir o‘zgarishlar ham yordam beradi.
Ratsionga nimani kiritish kerak
Tuz
Issiq havo haroratida tuzni ratsionga kiritish tavsiya etiladi va hatto shartdir. Shunday qilib, hayot uchun juda zarur bo‘lgan natriy quyidagi mahsulotlar tarkibida mavjud: sut va qaymoq (100 g mahsulotda 50 mg), tuxum (100 g da 80 mg). Natriyning asosiy manbai – osh tuzi (NaCl). U tayyor ovqatlarga qo‘shiladi, mos ravishda ularning tarkibida ham natriy mavjud. Masalan, nonda har 100 gramm uchun 250 mg natriy mavjud. Tayyor baliq yoki go‘shtli delikateslarda, sneklarda ko‘p tuz bor (100 g tuzlangan kreker va popkorn tarkibida 1,5 g natriy mavjud). Bundan tashqari, ortiqcha natriy ziravorlar va souslarda mavjud. Masalan, 100 g soya sousida 7 g natriy mavjud.
- 16 yoshdan oshgan odamlar uchun tuz iste'moli me'yori kuniga 5 g (yarim choy qoshiq).
Kaliyga boy oziqlar: loviya va no‘xat (har 100 mikrogrammda 1,3 g), yong‘oqlar (100 grammda 600 mg), banan va papayya (100 grammda 300 mg). Po‘sti bilan pishirilgan 100 g kartoshka 573 mg kaliyni o‘z ichiga oladi.
- Kattalar uchun kaliyni qabul qilish me'yori kuniga kamida 3,51 g.
Sabzavotlar va mevalar
Meva va sabzavotlarni iste'mol qilish orqali siz yemaysiz, balki ichasiz, chunki ular taxminan 90 foiz suvdan tashkil topgan. Ammo, odatdagidan farqli o‘laroq, sabzavot va mevalar tarkibidagi suv allaqachon organizmga kerak bo‘lgan tuzlarning bir qismini o‘z ichiga oladi.













