O‘zbekiston | 15:31 / 15.07.2020
8403
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari yoppasiga ish tashlagani haqidagi xabarlar rad etildi

Toshkent viloyati hokimligining xabar berishicha, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi yopilgani, tibbiy xodimlari shifoxonadan ketib qolgani haqidagi gap-so‘zlar yolg‘on. 11–15-iyul kunlari dezinfeksiya, deratizatsiya, yuvish va chayish ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi tibbiy xodimlari shifoxonadan ketib qolgani, muassasa yopilgani mazmunidagi fikrlar tarqalmoqda.

Aslida bu – yolg‘on axborot bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yuldasheva viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulovga rasman xat orqali murojaat qilib, 11-15 iyul kunlari mazkur shifoxonada dezinfeksiya, deratizatsiya, yuvish va chayish ishlarini olib borishga ruxsat so‘ragan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining roziligi asosida, ayni paytda Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida yuqoridagi ishlar amalga oshirilmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumanida qurilgan maxsus shifoxona negizida sog‘liqni saqlashning klaster tizimi tashkil etilayotgani munosabati bilan Chirchiq shahrida joylashgan, viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarining Zangiotaga ko‘chirilayotgani mahalliy aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqargan, Kun.uz jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan ushbu mavzu yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan edi.

Mavzuga oid