Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Gazeta.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari, qo‘shnilar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, suvdan foydalanish masalalarini hal qilish haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan.

«Markaziy Osiyodagi kelishmovchilikning asosiy sababi murosaning yo‘qligi edi»

– 2016 yilga qadar shakllangan O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosobatlari barcha masalalarni qat'iy qayta ko‘rib chiqishni talab qilar edi. Shu o‘rinda «Nima uchun?» degan savol tug‘iladi.

Chunki, ko‘p yillik nizolar, ba'zida to‘g‘ri yondashilganda oqilona yechimlar topsa bo‘ladigan masalalar bo‘yicha «qarama-qarshiliklar» nafaqat kelishmovchiliklarga, balki ko‘pincha chegaralarda noxush hodisalarga ham sabab bo‘lgan.

Kelishmovchilikning asosiy sababi suvdan va transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish va chegara punktlarini kesib o‘tish masalalarida murosaning yo‘qligi bo‘lgan. Asosiy qarama-qarshilik, yana bir bor takrorlayman, murosaning yo‘qligi edi.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, prezidentimiz bundan ikki yil muqaddam Toshkent viloyati faollari oldida qilgan chiqishlarida shunday degan edilar: «O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘nggi 25 yil ichida to‘plangan ulkan muz bor. Bu muz erishi uchun qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ko‘pgina ishlarni amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi».

«2016 yilga qadar bo‘lgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi»

– O‘tgan uch yil ichida, O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlari bilan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Mazkur tashriflar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan global masalalar bo‘yicha qaror qabul qilindi: xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya sohalarida.

Natijada tarixan qisqa vaqt ichida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga burilishiga sabab bo‘lgan ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ya'ni, bugun sizga ishonch bilan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlarga ega ekanligimizni ta'kidlay olaman. 2016 yilga qadar bo‘lgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida 25 yil ichida shakllangan muzlar shu uch yil ichida butunlay eridi deyishimiz mumkin.