Tixanovskaya o‘tgan haftada prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlangandi. Qonunchilikka ko‘ra, u endi tashviqot kampaniyasini olib borishi va saylovchilarga o‘z dasturi haqida so‘zlab berishi mumkin bo‘lgan. Aynan shu tufayli miting tashviqot piketi kabi o‘tdi va hukumat bunga ruxsat berdi.
Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgust kuni o‘tkaziladi, mamlakatni 1994 yildan buyon boshqarib kelayotgan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko navbatdagi saylovlarga ham nomzodini ko‘rsatgan.
«Vesna» huquqni himoya qilish markazi ma'lumotiga ko‘ra, aksiyada 7,5 ming kishi ishtirok etgan. Markazning tvitterdagi sahifasida joylashtirilgan dron orqali olingan suratlar ham mitingning ko‘lami haqida tasavvur bera oladi.
Aksiya davomida Tixanovskaya belarus saylovchilari zarurat tug‘ilsa o‘z ovozi uchun kurashishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytib o‘tgan. «Hukumat ovozlarni soxtalashtirishga urinadi, ammo biz bu safar o‘z ovozimizni nazorat qilishimiz mumkin. Xalq divanidan ko‘tarilishi va o‘z ovozini himoya qilishi kerak», - deya prezidentlikka nomzodning so‘zlarini keltirmoqda TASS agentligi.

Voqea joyidan translatsiya uyushtirmoqchi bo‘lgan OAV vakillarining ma'lum qilishicha, miting o‘tkazgan maydonda mobil internet signallari yo‘qolib qolgani haqida xabar qilgan shu tufayli jonli efirlar uzilib qolgan.
Asosiy raqib
Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i - mashhur bloger Sergey Tixanovskiy - may oyi oxiridan buyon tergov izolyatorida yotibdi, uni jamoat tartibini buzishda ayblashgan. Avvaliga uning o‘zi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgandi, ammo navbatdagi jonli efirlaridan biridan keyin uni qo‘lga olishgandi, natijada uning o‘rniga rafiqasi saylovlarda ishtirok etishini ma'lum qildi.

Tixanovskayaning prezidentlikka nomzod sifatidagi birinchi chiqishi tergov izolyatorida erining ustidan mazax qilishni bas qilish talabi bo‘lgandi. Advokatlarning xabar berishicha, Sergey Tixanovskiy hibs vaqtida uch marta karserga qamalgan - avvaliga u deraza tokchasida o‘tirgani uchun jazolangan; keyin soqchilar u joylashtirilgan kamerada o‘rgimchak ini topishgani uchun; uchinchi safar - soqoli qirtishlab olinmagani uchun.










