15 iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Cibir federal okrugi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammo hal etilishida yordam so‘rashgan edi.

Murojaatda 100dan ziyod talaba O‘zbekistonga qaytish uchun charter reysga chipta xarid qilishgani, ammo navbat yetib kelmayotgani, mablag‘dan qiynalib qolishganini ma'lum qilishgandi. Ular orasida Rossiyada o‘qishni tamomlab, ro‘yxat qaydnomasi tugayotganlar ham bor edi. Ushbu murojaat 15 iyul kuni Kun.uz saytining telegramdagi kanali orqali yoritildi.

Murojaat inobatga olindi – prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Novosibirsk shahrida tahsil olayotgan talabalar 22 iyul kuniga o‘tar kechasi, tungi soat 01.00da charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Toshkent xalqaro aeroportidan reportaj tayyorlagan Kun.uz muxbiri xabar berishicha, charter reysda 200 nafarga yaqin talaba olib kelingan.

Zarina Vahobova, Sibir davlat tibbiyot universiteti stomatologiya yo‘nalishi talabasi:

– Bunday tezkor harakat qilinishini kutmagandik. Video payshanba kuni tarqatildi, bugun esa biz vatanimizdamiz. Murojaatimizga bunchalik tez javob bo‘ladi, deb o‘ylamagandim.

Hukumat murakkab vaziyatda bizni tashlab qo‘ymagani uchun xursandman. Har holda, nima bo‘lganda ham biz shu mamlakatning kelajagimiz.

Hozir faqat xursandchilik va baxtiyorlik qamrab olgan. Hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovichga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizga yordam bergan barchaga katta rahmat.

Jamshid Madaminov, Sibir davlat tibbiyot universiteti talabasi:

– O‘qib turgan joyimizda koronavirus bilan bog‘liq ravishda muhit og‘irlashgani bois O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldik. Talaba yoshlar bo‘lganimiz, charter reys orqali birinchi navbatda olib kelinadiganlar guruhiga kirmaganimiz tufayli bizni olib ketishga rozi bo‘lishmadi. Petitsiya yig‘ib, qo‘l qo‘yganimizdan keyingina bizni tinglashdi.