Garovdagilar ozod etilgani haqida Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov tvitterdagi sahifasi orqali ma'lum qildi. Maxsus amaliyotdan keyingi matbuot anjumanida u jinoyatchi muzokaralardan keyin avtobusdan chiqqani haqida ma'lum qilgan.

Erkak «BTR» tanki yordamida amalga oshirilgan shturmda qo‘lga olingan. Garovga olinganlar avtobusni tark etishga ulgurgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati ham yo‘lovchilarni garovga olgan shaxs o‘zi taslim bo‘lganini tasdiqlagan.

Brifingda Arsen Avakov jinoyatchining sheriklari ham bo‘lgani, ulardan biri Xarkovda qo‘lga olinganini ma'lum qilgan. Qo‘lga olish chog‘ida bu shaxsning yonidan o‘qotar qurol va portlaovchi moddalar musodara qilingan.

«Nima ham derdik, bu uzoq yil qamoqda o‘tirgan kriminal olam vakili. Ularning o‘zicha da'volari bor, har xil gaplarni gapirishadi. Boshqa vaziyatda maxsus kuchlar yomonroq holatga tayyor bo‘lgan holda ishlagan bo‘lardi, shukrki hammasi yaxshi bo‘ldi. Uni uzoq yillik qamoq jazo kutmoqda», degan vazir.

https://ria.ru/services/video/embed/1574680630-1574680594.html

Voqea qanday sodir bo‘ldi?
Seshanba tongida qurollangan shaxs Ukraina g‘arbidagi Lutsk shahrida Berestechko — Krasilovka yo‘nalishida harakatlangan avtobusni qo‘lga oldi. U yonida portlovchi moddalar va qurol borligini aytib, oldiga jurnalistlar kelishini talab qildi. Avtobusda 13 kishi bo‘lgan.

Bu Ukrainaning yangi tarixida ilk marta yolg‘iz jinoyatchi tinch aholi vakillarini ommaviy garovga olishi hodisasidir. Qolaversa, bu voqea nisbatan tinch bo‘lgan g‘arbiy hududda - Ukraina armiyasi Rossiya tomonidan qo‘llanishi aytiladigan ayirmachilar bilan urush olib borayotgan sharqiy frontdan 1000 km uzoqda sodir bo‘lmoqda.

Odamlarni garovga olgan shaxs muqaddam ikki bor sudlangani ma'lum. Politsiyaga o‘zini Maksim Ploxoy deb tanishtirgan. Keyinroq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenko avtobusni qo‘lga olgan shaxs Maksim Krivosh ekanini ma'lum qildi.