«Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori. Shu bois keyingi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, valuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi. Bularning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushgan.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlar yetarli emasligi qayd etilib, galdagi vazifalar muhokama qilindi. Xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ehtiyot bo‘lish, iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik, buning uchun davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatlikda ishlashi muhimligini ta'kidladi.

Soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘ymaydigan tizim joriy etish vazifasi qo‘yildi. “Insofli soliq to‘lovchi” tizimini shakllantirib, shu yil yakuniga qadar Toshkent shahrida namuna sifatida amalga oshirishga ko‘rsatma berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaga chek qo‘yish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Moliya vazirligiga bu borada shaffoflikni ta'minlash, jamoat nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirilgan.

Endilikda har bir investitsiya loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu tizim markazlashgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.

Davlat organlarida ham yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi joriy etilmoqda. Xususan, Qurilish, Sog‘liqni saqlash hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklarida, «O‘zbekneftgaz» va «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlarida bu borada ishlar boshlangan. Yil yakunigacha yana 14ta tashkilotda va davlat ulushiga ega 10ta bankda ushbu tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Sohalar va yo‘nalishlar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish hamda ijrosini muhokama qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reyting metodikasi ishlab chiqilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu reyting natijalari e'lon qilib boriladi, shu asosida barcha rahbarlarning shaxsiy mas'uliyati baholanadi.