Belarusda 9 avgust kuni hisob bo‘yicha oltinchi marta prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi - Minskdagilar esa har safargi saylovlarda «Moskvaning qo‘lini» izlaydi. Ammo avvallari bu «qo‘l»ni Kreml Aleksandr Lukashenkoning abadiy prezidentligini qo‘llab-quvvatlamoqchiligini iddao qilgan muxolifatchilar izlashgan bo‘lsa, bu safar vaziyat tubdan o‘zgargan.

«Moskvaning qo‘li» - kundan kunga dahshatli tus olmoqda - G‘arbni ham, oltinchi marta prezidentlikka saylanmoqchi bo‘layotgan Aleksandr Lukashenkoning elektoratini ham qo‘rqitmoqda.

«Belgazprombank»ni «fosh etishdi». Gaz uchun qarz esa o‘sishda davom etmoqda
Rasmiy Minsk saylovoldi kampaniyasi avvalida Moskva belaruslarning barqarorligiga chang solayotgani va «Gazprom»ning «qo‘g‘irchoqlari» qo‘lga olinganini ma'lum qilgandi. Bu bayonot «Belgazprombank» Viktor Babariko Belarus prezidentligi uchun saylovga nomzodini qo‘yishga qaror qilganidan keyin berildi.

Babariko 18 iyun kuni Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) izolyatoriga joylashtirildi; u soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, poraxo‘rlik (yirik miqdorda pora berish) va pul yuvishda ayblandi. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar esa Viktor Babariko va u bilan birga qo‘lga olinganlar, jumladan, uning o‘g‘li Eduard Babariko hamda Babarikoning marhum rafiqasining dugonasi Svetlana Kupreyevani siyosiy mahbuslar deb atashmoqda. U bilan ishlaydigan 20 nafarga yaqin bank menejyerlari va kompaniyalar xodimlari qo‘lga olingan.

«Belgazprombank» aksiyalarining 99 foizi Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi qoshida ochilgan «Gazprombank»ga tegishli hisoblanadi, ushbu bank ham soliq firibgarliklari va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan.

Belarus: Babariko saylovga qo‘yilmadi. U Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lishi kutilgandi

Belarusning Rossiya tomonidan yetkazib berilgan gaz uchun qarzi bank atrofidagi mojarolar boshlangan may oyi oxiridan buyon 165,6 mln dollardan 273 mln dollargacha (iyun oyi oxiridagi holat) yetdi. Rossiya bir yildan oshiq vaqtdan beri qarzini so‘ramayapti va shu bilan birgalikda hech qanday yordam ham va'da qilayotgani yo‘q.

«Hozirda Belarus iqtisodiyotida sodir bo‘layotgan barcha yomon ishlarga albatta Kreml aybdor. Kreml arzon gaz yo‘qligiga, neft manyovrlari uchun kompensatsiyaga, eksport hajmi tushishiga, budjet taqchilligiga, iqtisodiyot turg‘unligi va ish haqi oshirilishi bo‘yicha va'dalar bajarilmagani uchun aybdor», deya istehzo qilgan Mizesa tadqiqot markazi rahbari Yaroslav Romanchuk.