Yurisprudensiya fakultetiga 50 ta qabul qilish kvotalari mavjud. Bu yo‘nalishga o‘qish istagini bildirgan 4429 nafar talaba onlayn tartibda o‘z hujjatlarini topshirgan. Bu albatta sog‘lom raqobat muhitini yaratishi shubhasiz.

Shuningdek, Prezidentning 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining V.I. Romanovskiy nomidagi matematika  instituti  Namangan davlat universitetida o‘z hududiy bo‘linmasini tashkil etdi. Bu vodiy viloyatlaridagi 13 ta Oliy o‘quv yurtlari va filiallar matematika kafedralarining 220 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilarni qamrab oldi.  

Matematika yo‘nalishida magistraturaga 30 nafar bakalavr yo‘nalishini tamomlagan iqtidorli yoshlar to‘liq davlat granti asosida qabul qilinishi belgilangan. Avvalgi yildagi qabullarda bunday imkoniyat mavjud bo‘lmagan. Davlat granti kvotalari oz miqdorni tashkil etgan. Bunda, albatta, hukumat tomonidan iste'dodli yoshlarga chuqur bilim berish, matematika fanini rivojlantirish, universitet obro‘ va nufuzini yanada oshirish kabi maqsadlar mujassam.

Shuni alohida e'tirof etish kerakki, universitet xorijiy davlatlarning  nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta'lim dasturi asosida ochilgan fakultetlariga ega. A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Ural davlat tibbiyot universiteti, Qozon davlat universiteti hamda Moskva davlat oziq-ovqat texnologiyalari universiteti shular jumlasidan. Bu ta'limdagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bilan bir qatorda yoshlarni oliy ta'limga keng qamrab olish imkoniyatini yaratadi. 2019-2020 o‘quv yilida A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan qo‘shma ta'lim dasturi bo‘yicha psixologiya, defektologiya, informatika va informatsion texnologiya fakultetlari faoliyat boshladi.

Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta'lim dasturi asosida ochilgan fakultetda esa davolash, pediatriya, stamotologiya, farmatsevtika yo‘nalishlari tashkil etilib, 104 talabalar tahsil olib kelmoqdalar. 2020-2021 o‘quv yilida ham ushbu fakultetlarga abituriyentlar onlayn tartibda o‘z hujjatlarini topshirdilar.