Shu yilning mart oyida Paragvayga kirishda Ronaldino va uning akasi Roberto Assis qalbaki pasport tufayli hibsga olingandi. Ronaldino Paragvayga kitoblarni targ‘ib qilish va kam ta'minlangan bolalarga yordam berish kampaniyasida ishtirok etish uchun borgandi.

Aka-uka 32 kun davomida poytaxt Asunson atrofidagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada ushlab turilgan, keyin esa 1,6 million dollar miqdoridagi garov evaziga hashamatli Palmaroga mehmonxonasiga o‘tishgan.

Ronaldino va uning akasi pasportlar soxtaligini bilmaganliklarini va uni mahalliy homiydan olishganini aytishdi.

Prokurorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasi o‘laroq, endilikda ular 200 ming dollar miqdorida jarima to‘lagach, Braziliyaga qaytishlari mumkin.

Futbol afsungari

Braziliyalik bu futbolchi 2000-yillarda go‘yo YouTube videolari uchun yaratilganday taassurot uyg‘otuvchi ajoyib uslubi bilan futbol olamini zabt etdi. Keyingi 10 yillikda esa u aksar futbolchilar butun faoliyati davomida erishganidan ko‘ra ko‘proq narsani qo‘lga kiritdi va boy berdi.

2011 yilda 30 yoshida «Milan»dan ketgach, 2013 yilda «Atletiko Mineyro» bilan birga Libertadores kubogini qo‘lga kiritadi. Arab realiti-shoulari va rus supermarketlaridagi reklama roliklarida qatnashdi, Jan-Klod van Damm bilan birga Hollivud filmida suratga tushishga ham ulgurdi.

Ozodlikdan mahrum bo‘lgan Ronaldino bu yil 40 yoshini Paragvay qamoqxonasida kutib oldi.

2011 yil yanvarida Milanni tark etib, o‘z mamlakatiga qaytishga qaror qilganida, «Milan»ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Massimiliano Allegri bu qarorni «hayot tanlovi» deya izohlagandi.

Boshqacha aytganda, bular «futbolga bog‘liq bo‘lmagan sabablar» edi. Ikki yil davomida Parij Sen-Jyermenda bo‘lgani kabi, tungi hayotning sarmast ko‘chalariga boshlagan yo‘l uni klubga eltuvchi yo‘llardan ayro qildi. Bu payt uning ishtiyoq olovi so‘na boshlagan, atrofidagilarning sabr-toqati ham tamom bo‘lgandi.

Rivaldo: U allaqachon o‘z hikoyamni yozib bo‘ldim, deb o‘yladi
Uning mamlakatga qaytish qarori 2002 yilda u bilan birga jahon chempioni bo‘lgan Rivaldoni ham hayron qoldirgandi.

«Yevropada yana biroz davom etishi mumkin edi. Biroq bu shaxsiy qaror edi. Bu yerda allaqachon u o‘z hikoyasini yozib bo‘lganini sezdi, shuning uchun ham oilasi bag‘riga qaytishni, do‘stlariga yaqin bo‘lishni va futbolni tark etishni xohladi», deydi Rivaldo u haqda.