Qayd etilishicha, bu yil OTMlar bakalavriatiga kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shakllarida jami 162 364 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. Natijada bitiruvchilarni oliy ta'lim bilan qamrab olish 2016 yildagi 9 foizdan 25 foizgacha ko‘tariladi.

«Shunday bo‘lsa-da, yoshlarda oliy ma'lumot olishga bo‘lgan qiziqishning yuqoriligi va qabul kvotalari hozircha ularning ehtiyojini to‘liq qoplay olmayotganini hisobga olib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ular uchun yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Jumladan, OTMlarda MDH va Yevropaning qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikdagi double degree ta'lim dasturlari asosida o‘qitish qamrovi kengaymoqda. Birgina o‘tgan o‘quv yilining o‘zida AQSh, Germaniya, Fransiya Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya, Isroil va boshqa 22 ta davlatning 104 ta yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta'lim dasturlari asosida bakalavriatning 83 ta ta'lim yo‘nalishi va magistraturaning 64 ta mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

2020/2021 o‘quv yilida ham xorijiy hamkor universitetlar va qo‘shma ta'lim dasturlari davom ettirilib, hozirda qator OTMlarda qabul davom etmoqda. Jumladan, Andijon davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Urganch davlat universiteti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Namangan davlat universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Jizzax politexnika instituti hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida qo‘shma ta'lim dasturlariga qabul davom etmoqda», – deyiladi vazirlik axborotida.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston, Singapur, Malayziya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda 22 ta xorijiy OTM va filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda axborot texnologiyalari, xalqaro huquq va munosabatlar, biznesni boshqarish, dasturlash va boshqa zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.