O‘zbekiston | 13:44 / 26.09.2020
17398
3 daqiqa o‘qiladi

Ixtiyoriy ravishda paxta terish istagini bildirgan vodiyliklar Jizzaxga yo‘l oldi

O‘zbekistonda kuzning dastlabki kunlarida barchaning e'tibori qishloq xo‘jaligi mavsumining asosiy mavzusi – paxta terimiga qaratiladi.  

Joriy yilda uni o‘tkazish jarayoniga terimchilarning moddiy manfaatdorligini oshirishga qaratilgan yangiliklar ham kiritildi. Ayni damda ishsizlar va vaqtincha ishsiz aholi orasidan ixtiyoriy ravishda terimchilar guruhlari (otryadlari) shakllantirilmoqda. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ishchi kuchi ortiqcha bo‘lgan mintaqalardan mamlakatning terimchilarga ehtiyoji sezilayotgan viloyatlarga jo‘natilmoqda. Terilgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida ustamalar o‘rnatilganligi terimchilarga o‘ziga xos kuch va madad bag‘ishlamoqda.

Qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosiga birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1400 so‘m mablag‘ to‘lanadigan bo‘lsa, mamlakatning bir qator hududlarida, shu jumladan, Jizzax viloyatida ham 1 kilogramm paxta uchun 200 so‘mdan ustama haqi berilmoqda. 

Aynan shu hududlarga 25 sentabr kuni Namangan va Andijon viloyatlaridan ixtiyoriy ravishda paxta terimida qatnashish istagini bildirgan fuqarolar dastlabki poyezdlarda yo‘lga chiqishdi. Ikkita poyezdning birinchisi Namangan temir yo‘l vokzalidan jo‘natildi. Unda 723 nafar paxta terimchilari o‘zlariga munosib shart-sharoiti yaratilgan dala markazlariga yetkaziladi. U yerda mamlakatning hozirgi vaziyatida rioya qilinayotgan sanitariya me'yorlari va gigiyena talablari hisobga olingan. Kuniga 3 mahal ovqatlanish, terimchilar uchun ishdan tashqari vaqtlarda madaniy hordiq chiqarish dasturlari tashkil etiladi, va, albatta, ishlab topilgan mablag‘larning o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. 

“Oila budjetini to‘ldirish va qo‘shimcha daromad olish istagi bilan Andijon viloyatining 1055 nafar vakili ham Jizzax viloyatiga yo‘l oldi. Ular bilan ham o‘zaro huquq va majburiyatlar, shu jumladan paxtachilar mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq shartnomalar tuzilmoqda. 

Ushbu fuqarolarga munosib mehnat va yashash  sharoitlari, Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi “Paxtakor teks” klaster qo‘shma korxonasi tomonidan yaratilgan”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, tuzilayotgan guruh (otryad)lar tarkibida paxta xomashyosini terib olishda ishtirok etishni istagan fuqarolar paxta yig‘im-terimi paytida maxsus ochilgan www.terim.uz havolasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi hududiy bo‘linmalariga murojaat etishlari yoki vazirlikning (71) – 200-06-00 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. 

Mavzuga oid