20 oktabr kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlariga nuroniylar, jurnalistlar, blogerlar va boshqa soha vakillari ishtirokida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan press-tur uyushtirildi. Tadbir davomida Kun.uz muxbiri viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev bilan suhbatda bo‘ldi.

– Sardobadagi texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etdik, deb ayta olasizmi? Umuman, bu voqeadan qanday xulosalar chiqarishimiz kerak, deb o‘ylaysiz?

– Bir narsani aytishim kerak, Sirdaryo viloyati tarixi endi Sardoba toshqinigacha va undan keyingi davrga bo‘linadi. Bu talafotni biz boshdan kechirgan bo‘lsak-da, butun O‘zbekiston xalqi murakkab vaziyat qarshisida jipslashdi, har bir hududning bevosita ko‘magi bilan birga xayrixohligini his qilib turdik.

Savolingizga kelsak, bugun toshqin oqibatlari to‘la bartaraf bo‘ldi, deb aytish mumkin. Ya'ni nafaqat oldingi aholi punktlarini tikladik, balki talafotga uchragan hududlar butunlay yangilanishiga, aholi uchun yashash sharoitlari bir necha karra yaxshilanishiga erishdik. Bunda albatta har bir jarayonni bevosita kuzatib turgan, zarur maslahatlarni bergan va hech qanday yordamni ayamagan davlatimiz rahbarining o‘rni beqiyos bo‘ldi.

Raqamlarga e'tibor bering: Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi jami 28ta mahalladan qariyb 90 ming nafar fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.

Talafot ko‘rgan hududlardan jami 4 435,2 ming metr kub suv tortib chiqarildi va maxsus vositalar yordamida 5 210ta uy chiqindilardan tozalandi. Suvdan tozalangan xonadonlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Yuz bergan texnogen ofat oqibatida 2 211ta xonadon yaroqsiz va 2 499ta xonadon ta'mirtalab holatga kelgan edi. Yangi uy-joylar barpo etilib, bugungi kunga qadar jami 80 064 nafar (89,5%) aholi o‘z yashash manzillariga qaytarildi.

Ta'mirlash ishlariga 167ta texnika, 672ta pudratchi korxona va 2 454 nafar ishchi jalb etildi. 1 830ta uyda qurilish-ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, 11 170 nafar fuqaroga foydalanishga topshirildi.

184 km yo‘l, 19ta ko‘prikda qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilmoqda. Toshqin natijasida talafot ko‘rgan 4ta elektr podstansiyasi, 106ta elektr transformator, 6 269ta elektr ustunlar to‘liq yangisiga almashtirilib, o‘rnatildi va 345 km elektr simi ulandi. Aholi punktlarida 66 km gaz quvuri, 47 dona gaz taqsimlash qurilmasi tiklandi. Joylarda 89,9 km ichimlik suvi tarmog‘i, 11ta suv taqsimlash inshooti va 7,9 km oqova suv tarmog‘ida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilayotir.