Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Maʼlum qilinishicha, soʻnggi yillarda mamlakatda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trillion soʻmdan 43,1 trillion soʻmga yetgan. Tarmoq eksporti 1 milliard dollardan oshgan va bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.
Maishiy texnikaga boʻlgan ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi esa eksportga yoʻnaltirilmoqda.
Sohada quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum oʻchirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar va issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan.
2026-yilning yanvar–iyul oylarida tarmoqda 30 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 706 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Shu davrda umumiy qiymati 148 million dollar boʻlgan 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Yil yakuniga qadar elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 51 trillion soʻmga, eksportni esa 1,6 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 420 million dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qoʻyilgan.

Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani qayd etildi. Shu davrgacha sohaga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish va misga qoʻshilgan qiymat darajasini 35 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Buning uchun tarmoq korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari taklif qilindi.
Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda uning qiymatining 25 foizini korxonaning oʻzi, qolgan 75 foizini esa “Oʻzsanoateksport” AJ toʻlaydi. Korxonalar ushbu mablagʻni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavka bilan qaytaradi. Mazkur mexanizm uchun 50 million dollar resurs yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, kredit olishda garov taʼminoti sifatida eksport shartnomalari va sugʻurta polislari kabi boshqa taʼminot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalari uchun milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismini uch yil davomida qoplab berish koʻzda tutilmoqda.
















