FIFA reytingida bizdan ustun bo‘lgan jamoa

Suriya milliy jamoasi so‘nggi yillarda mamlakatdagi notinchlik sababli futbol bo‘yicha ichki musobaqalarni o‘tkaza olmayotgan bo‘lsa-da, ular muntazam ravishda yig‘inlar tashkil etib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishmoqda. Shu bois Suriya milliy jamoasi FIFA reytingida ham o‘z o‘rnini yo‘qotgani yo‘q – tunislik murabbiy Nabil Maloul shogirdlari 79-o‘rinni band etgan. Bu 84-o‘rindagi O‘zbekiston milliy jamoasidan 5 o‘rin yuqori demakdir.

Qayd etish joiz, Suriya milliy jamoasi ketma-ket so‘nggi 5ta rasmiy o‘yinida faqat g‘alaba qozonmoqda. Suriyaliklar so‘nggi marta 2019 yilning 10 iyul kuni Tojikiston milliy jamoasiga mag‘lubiyatga uchragan – 2:0. Shundan keyingi 6 o‘yinda 5 g‘alaba va 1ta durang qayd etgan. Bu o‘yinlarning barchasi 2019 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi Suriya uchun 2020 yildagi dastlabki bahsga aylanadi.

Suriya milliy jamoasining oxirgi 7 uchrashuvi:

10.07.2019. Tojikiston – Suriya – 2:0

16.07.2019. Hindiston – Suriya – 1:1

05.09.2019. Filippin – Suriya – 2:5

10.10.2019. Maldiv – Suriya – 1:2

15.10.2019. Suriya – Guam – 4:0

14.11.2019. Suriya – Xitoy – 2:1

19.10.2019. Suriya – Filippin – 1:0

Yetakchi legionerlarsiz yig‘in

Vadim Abramov qo‘l ostidagi vakillarimiz 6 noyabr kunidan boshlab Toshkentda to‘planib, 9 noyabr kuni Dubayga yetib kelishdi.

FIFA kunlari bo‘lishiga qaramay, bu safargi yig‘inda ham yetakchi legionerlarimiz turli sabablar tufayli milliy jamoa ixtiyoriga yetib kela olishmadi. Jumladan, Eldor Shomurodov jarohati bois Italiyadan chaqirilmagan bo‘lsa, Odil Ahmedov oilaviy sabablariga ko‘ra yig‘inga kela olmadi. «Spartak» yarimhimoyachisi Oston O‘runov jarohati tufayli Moskvada qolgan bo‘lsa, «Sharja» vakili Otabek Shukurov ham jarohat sababli taklif olgan yig‘iniga kela olmaydigan bo‘ldi.

«Shabob Al Ahli» yarimhimoyachisi Azizjon G‘aniyev, «Syonnam» yarimhimoyachisi Jamshid Iskanderov, «Kvanchju» himoyachisi Rustam Ashurmatov va Xitoy 1-ligasidagi himoyachimiz Islom To‘xtaxo‘jayev BAAdagi yig‘inga yetib kelishdi.