Jamiyat | 10:23 / 13.11.2020
3306
2 daqiqa o‘qiladi

2 oyda yo‘l qoidasini 8 marta buzgan haydovchidan 6,5 million so‘mdan ortiq jarima undirildi

Majburiy ijro byurosi Uchko‘prik tuman bo‘limiga yo‘l harakati xavfsizligi organlaridan tumanning Qurbonqashqar qishlog‘ida yashovchi fuqaro U.A.ga nisbatan 8ta qoidabuzarlik bo‘yicha jami 5 mln 352 ming so‘m bo‘lgan ma'muriy jarima jazolarini majburiy tartibda undirish bo‘yicha qarorlar kelib tushgan.

Ma'lum bo‘lishicha, U.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Lacetti» rusumli transport vositasida 2 oy ichida 8 marta yo‘l harakati qoidasini buzganligi va ushbu huquqbuzarliklar onlayn foto-videoradarlar orqali tasvirga olingani aniqlangan.

«Buni qarangki, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor byuroning tuman bo‘limiga taklif etilganida, o‘z avtomashinasida emas, balki piyoda tashrif buyurgan. Unga davlat ijrochisi tomonidan 5 mln 352 ming so‘m ma'muriy jarimani to‘liq to‘lab berishi uchun 15 kun ixtiyoriy muddat belgilangan.

Biroq, qarzdor avtomashinasini nasiyaga sotib yuborganligi, noma'lum shaxslar sotib olganligi, jarimani to‘lash uchun imkoniyati yo‘qligini ma'lum qilib, ijro hujjatini ixtiyoriy ijro etishdan bo‘yin tovlagan.

Oqibatda, foto-videoradarlarga tushgan U.A.ga tegishli «Lacetti» rusumli avtomashinaga nisbatan qidiruv e'lon qilingan. Qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1981-moddasiga asosan 30.10.2020 yilda 1.115.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Ha deganda, avtomashina topilavermagach qidiruv shu'basi inspektorlari tomonidan tungi vaqtda YHXG xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida «Lacetti» rusumli davlat belgili avtomashina Uchko‘prik tuman markazida aynan qarzdor U.A. boshqarib ketayotgan vaqtda ushlangan va jarima maydonchasiga olib kirilgan.

Tong otishi bilan qarzdor 8ta yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun 5 mln 352 ming so‘m ma'muriy jarima hamda ijro hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi uchun tayinlangan 1 mln 115 ming so‘m jarima pullarini byuroning tuman bo‘limiga yetkazib keldi.

Yo‘l harakati qoidasini buzish nafaqat boshqa harakat ishtirokchilari uchun xavf tug‘diradi, balki cho‘ntakka ham zarardir», deyiladi MIB matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid