Hayotning past-u balandliklarida shunday pallalar ham bo‘ladiki, insonga nohaq ayblov qo‘yilishi, o‘zi aloqasi bo‘lmagan ishlarda ayblanishi mumkin. Eng yomoni bu ayblovlar kishiga ham moddiy, ham ma'naviy zarar keltirishi mumkin.

Qahramonimiz Murodbek Karimovning so‘zlarini tinglab, «Tuhmat balosidan asra» deb bejiz duo qilinmasligini yana bir bor esga oldik.

Ichki ishlar sobiq katta tergovchi mayor 2018 yilgacha Chilonzor tumani IIBda tergovchi lavozimida ishlab kelgan. 2017 yili otasi va ukasi noqonuniy valuta savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, javobgarlikka tortiladi.

Otasi va ukasiga nisbatan tadbir sun'iy uyushtirilganidan xabar topgan Murodbek tergov harakatlari noqonuniy bo‘lib o‘tayotgani haqida tegishli idoralarga arz qiladi.

«Otam va ukamga nisbatan nohaq ayblov ortidan meni ham ishdan haydashdi»

— 2017 yilda, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi statistika va ko‘rsatkichlarini yaxshilab olish niyatida guvohlarni yollab, soxta hujjatlar tuzgan holda otam va ukamga jinoyat ishi qo‘zg‘atadi. Jinoyat ishida hujjatlar va guvohlar soxtalashtirilgani uchun men Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, otam va ukamga nisbatan jinoyat ishi sun'iy tarzda uyushtirilganini aytdim.

Shundan so‘ng Xorazm viloyat prokuraturasi va departament xodimlari qasd olish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga mening ustimdan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritishdi.
Bu taqdimnomada «otasi va ukasiga nisbatan ochilgan jinoyat ishiga aralashdi, tergovchiga tazyiq o‘tkazdi», deb ko‘rsatilgan edi. Ya'ni men farzand sifatida otam va ukamga nisbatan jinoyat ishi noto‘g‘ri ekanini aytib, tergovchiga qo‘ng‘iroq qilganimga noto‘g‘ri tus berishdi. 

Shundan so‘ng taqdimnomaga ko‘ra, menga nisbatan birinchi marta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Lekin xizmat tekshiruvida biron bir holat o‘z tasdig‘ini topmadi. Shunday bo‘lsa-da, xizmat tekshiruvida jamoatchilik sudi berishdi. Vazirlik meni ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shatish bo‘yicha xulosa qildi.

2018 yil aprelda ishdan bo‘shatildim. Shu kunning o‘zida menga nisbatan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ham qo‘llanildi. Sud tomonidan menga axloq tuzatish ishlari tayinlandi.