O‘zbekiston | 08:39 / 26.11.2020
2657
3 daqiqa o‘qiladi

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish uchun berilgan litsenziyalar xatlovdan o‘tkaziladi

Yangicha yechimlarni ishlab chiqish orqali yer qa'ridan foydalanishni monitoring qilish va hisobini yuritishning zamonaviy tizimini yaratish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Noruda foydali qazilmalardan foydalanishni monitoring qilish va hisobga olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish uchun berilgan litsenziyalar shuningdek, samarasiz va noqonuniy foydalanilayotgan konlarni xatlovdan o‘tkazadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan noruda foydali qazilmalarning harakati to‘g‘risidagi balans hisoboti davlat soliq organlariga real vaqt rejimida kuzatib borish huquqini bergan holda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga taqdim etiladi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda:

  • yer qa'ridan foydalanuvchilariga noruda foydali qazilmalarning harakati to‘g‘risidagi balans hisobotini elektron ko‘rinishda taqdim etish imkoniyatini yaratishni;
  • real vaqt rejimida idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish uchun o‘z ma'lumotlar bazasini integratsiya qilishni ta'minlaydi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 1 yanvardan boshlab noruda foydali qazilmalar qazib olinadigan hajmlari va kavlab olinadigan joydagi ularning zaxiralari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni shakllantirishni nazarda tutuvchi “Elektron tarozi” axborot tizimini yaratish va joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 iyuldan boshlab “Elektron tarozi” axborot tizimidan foydalanish barcha yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun majburiy hisoblanib, mazkur tizimdan foydalanmagan holda noruda foydali qazilmalarni qazib olish (sotish) soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb tan olinadi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda:

  • “Elektron tarozi” axborot tizimidan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqadi;
  • “Elektron tarozi” axborot tizimidan foydalanmaganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdorida jarima tarzidagi javobgarlik belgilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid