Jamiyat | 15:30 / 04.12.2020
4244
3 daqiqa o‘qiladi

Nufuzli The Banker jurnali tomonidan «Oriyent Finans» bank O‘zbekistondagi yilning eng yaxshi banki deb tan olindi

The Banker fikriga ko‘ra, «Oriyent Finans» bank o‘z faoliyatini chakana biznesini rivojlantirishga, shu jumladan mobil banking xizmatlarini kengaytirishga, ipoteka kreditlarini taqdim etishga qayta yo‘naltirgan va shu bilan iste'molchilar uchun yangi xizmatlar to‘plamini sezilarli darajada kengaytirishga erishgan.

Mutaxassislar bankning moliyaviy ko‘rsatkichlariga yuqori baho berdilar. Xususan, 2019 yilda uning sof foydasi 50%ga, birinchi bosqich kapitali esa 47%ga oshdi. Shu bilan birga, ishlamayotgan kreditlar koeffitsiyenti atigi 0,017% ni tashkil etib, juda past darajada qolmoqda.

«Bu butun «Oriyent Finans» bank jamoasining mijozlar uchun eng yaxshi yechimlarni taqdim etishga intilayotganini namoyish etuvchi muhim yutuqdir. Bizning muvaffaqiyatimiz korporativ boshqaruvning yuqori standartlariga qat'iy rioya qilish, xatarlarni samarali boshqarish hamda Bankni doimiy transformatsiya qilib borishga asoslangandir.

Biz, The Banker’s Bank of the Year Award 2020 xalqaro nominatsiyasida O‘zbekistonni namoyish etayotganimizdan faxrlanamiz», – deya, ta'kidladi bank Kuzatuv kengashi Raisi Babur Parpiyev. 

The Banker xalqaro moliya masalalariga bag‘ishlangan Britaniyaning eng nufuzli oynomasi hisoblanadi. Jurnal Financial Times guruhi tomonidan Londonda 1926 yildan buyon nashr etiladi.

Asos solinganidan buyon, oynoma dasturiy ta'minot ishlab chiqarish, yangi texnologik kashfiyotlar va innovatsiyalar, mamlakatlar bo‘yicha hisobotlar, bank reytinglari, ekspertlarning sharhlari, bozor sharhlari va mintaqaviy sanoat rivojlanishining baholari haqidagi ma'lumotlarni chop etadi. Natijada, «The Banker» ixtisoslashgan nufuzli moliyaviy jurnalga aylandi. Nashrning fikriga butun dunyodagi bankirlar, moliyachilar, rahbarlar va korporatsiyalar menejyerlari, shuningdek, moliya vazirlari quloq tutadigan bo‘ldilar.

Mazkur oynoma, har yili dunyodagi eng yaxshi va ilg‘or moliya institutlariga The Banker Awards mukofotini taqdim etadi. Joriy yilda The Banker 138 ta davlatlarda mukofotlarni topshirdi, shuningdek, olti nafar mintaqaviy mukofotlar va dunyoning eng yaxshi bankiga sovrin taqdim etdi.

«Oriyent Finans» bank Matbuot xizmati

Mavzuga oid