O‘zbekiston | 12:16 / 05.01.2021
4598
3 daqiqa o‘qiladi

Daromadlarni deklaratsiyalashga tezroq o‘tish va davlat xaridlarida imtiyozlarni bekor qilish - Korrupsiyaga qarshi kurashda muhim choralar belgilandi

Foto: KUN.UZ

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Prezident farmoniga asosan bir qator mas'ul idoralar tomonidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritasida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni tezlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarda davlat xaridlarining strategik sub'yektlariga berilgan barcha imtiyozlarni bekor qilish, tanlov (tender) shaklida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida kontragentlar (shartnoma taraflari)ni tekshirish tartibini ishlab chiqish va boshqa bir qator aksilkorrupsion dolzarb vazifalar belgilangan.

Yo‘l xaritasida belgilangan jami vazifalar quyidagilardan iborat:

  •  “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish jarayonini tezlashtirish;
  •  davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilish hamda ularning kasbga oid fazilatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pog‘onalarida ko‘tarilishining shaffof mexanizmlarini joriy etish;
  • amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda davlat xaridlarining strategik sub'yektlariga berilgan barcha imtiyozlarni bekor qilish;
  • tanlov (tender) shaklida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida kontragentlar (shartnoma taraflari)ni tekshirish tartibini ishlab chiqish.
  • Jinoyat kodeksiga xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslariga pora berganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash masalasini implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • Jinoyat kodeksiga mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalasini implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
  • korrupsiya holatlari to‘g‘risida anonim xabar yo‘llash va ularni ko‘rib chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
  • xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan qarzlar va moliyaviy yordamlar sarfining oshkoraligini ta'minlash uchun ochiq ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
  • korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan davlat organlari va sohalarida korrupsiya xavf-xatarlarini baholash bo‘yicha namunaviy uslubiyot ishlab chiqish va qabul qilish.

“Yo‘l xaritasida” belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga barham berilishiga, sohaga oid huquqiy asoslarning takomillashtirilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizning korrupsiyaga oid va boshqa xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanishiga olib keladi” – deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma'lumotida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid