Uning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda aytishicha, «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonun boshqa idora va tashkilotlar bilan munosabatlarni aniq belgilab beryapti. Bundan keyin shu kabi muammolarda endi vazirlikning aniq pozitsiyasi shakllanadi.

«O‘tgan yilda eng muhim, biroq amalga oshmay qolgan masalalardan yana biri haqida to‘xtalsam. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, notalar to‘plami va maxsus musiqiy adabiyotlarni chop etish hamda ularning ta'lim muassasalariga to‘liq yetkazilishini ta'minlash rejalashtirilgan edi.

Vazirlik tomonidan notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar loyihalari tayyorlandi, lekin moliyaviy manbasi aniqlanmagani uchun 2020 yilda bu vazifa bajarilmay qoldi. Kuni kecha Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda bosh vazir Moliya vazirligiga topshiriq berdi, bu yil ushbu muammolarni ham bosqichma-bosqich hal qilamiz», - dedi vazir.