O‘zbekiston | 16:26 / 09.01.2021
2302
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yildan gidrometeorologiya stansiyalari raqamlashtiriladi

Joriy yilning 9 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlarning tanqidiy-tahliliy natijalari hamda 2021 yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazilmoqda.

Brifingda ishtirok etayotgan Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzod Habibullayev: “Bu yilda oldimizga qo‘yilgan birinchi maqsadimiz yil oxirigacha avtomatlashtirilgan meteostansiyalarning 80 foizini, qor ko‘chki stansiyalarining 50 foizini, agroyo‘nalishning 34 foizini raqamlashtirish. Buning uchun Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida raqamli agrometeorologiya stansiyasini joylashtirish”, deya ma'lum qildi.

Aytilishicha, gidrometeorologiya xizmatining asosiy foydalanuvchisi — davlat tashkilotlari, yirik klasterlar, yirik fermerlar va albatta investorlardan iborat. 2021 yilda gidrometeorologiya xizmati sifatini oshirishga asosiy e'tibor qaratilsa, 2022 yilda davlat mablag‘larini 30 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. 2021 yilda ma'lumotlarni sotib olish jarayoniga o‘tish rejalashtirilmoqda. Ya'ni, davlat xizmatlaridan tashqari xususiy sektorni shakllantirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zMuda Rossiya Gidrometeorologiya universitetining shu yo‘nalishdagi fakulteti ochiladi. Yangi geoportal tizimi test rejimida ishga tushyapti. Buning yordamida xavfli zonalar, xavfli hududlar bo‘yicha kartaga oldindan tushiriladi va ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid