O‘zbekiston | 15:23 / 22.01.2021
52498
2 daqiqa o‘qiladi

«Tarbiya» darsini qaysi fan o‘qituvchilari o‘tishi ma'lum qilindi

2020/21 o‘quv yili 3-chorakdan boshlab, O‘zbekiston maktablarida 1-sinfdan 9-sinfgacha, haftasiga 1 soatdan «Tarbiya» fani o‘qitilmoqda.

Foto: Respublika ta'lim markazi

Respublika ta'lim markazi axborotiga ko‘ra, yangi fanni:

  • 1–4-sinflarda boshlang‘ich sinf rahbarlari;
  • 5–11-sinflarda avval «Vatan tuyg‘usi», «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari» fanlaridan dars bergan o‘qituvchilar;
  • «Tarix», «Ona tili va adabiyot» o‘qituvchilari o‘qitadi.

Kun.uz markaz matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, hozirda «Tarbiya» fanining 1–9-sinfgacha darsliklari nashr etib bo‘lingan, ammo tarqatish bilan bog‘liq ba'zi muammolar sababli ayrim maktablarga yetib bormagan bo‘lishi mumkin.

Darslikning qardosh tillardagi va rus tilidagi talqini ham chop etilgan.

10–11-sinflar uchun bu dars 2021-2022-o‘quv yilidan boshlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Respublika ta'lim markazi tavsiyasiga ko‘ra, dars soatlarini «Umumta'lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlash lozim.

Eslatib o‘tamiz, «Tarbiya» fani maktablarda «Odobnoma», «Vatan tuyg‘usi», «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari» hamda «Dunyo dinlari tarixi» fanlarini birlashtirgan holda joriy etilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid