O‘zbekiston | 14:58 / 28.01.2021
66871
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida yuzlab yoshlar harbiy poligonga olib ketildi. IIBB holatga izoh berdi

Kecha, 27 yanvar kuni Toshkent viloyati Qibray tumandagi profilaktika inspektorlari o‘z hududlaridagi muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgani uchun IIB ro‘yxatida turuvchi, shuningdek, bekor yurgan yigitlarni ertalabki soat 6:00da Qibray tuman IIBga «yig‘ilish bo‘ladi» deb, olib ketgan.

Chirchiqdagi harbiy dala poligoni

Shundan so‘ng yigitlar avtobusda Chirchiqdagi harbiy dala poligonga olib borilgan va ularga 10 kun davomida harbiycha hayot kechirishlari aytilgan. Farzandlari qayerga olib ketilganidan bexabar ko‘pchilik ota-onalar va ularning yaqinlari harbiy poligonga kelib, olib kelingan yigitlarni qaytarib olib ketish uchun ruxsat so‘rashgan. Lekin mas'ullar faqat mahalla inspektorlarining ruxsati bilangina yigitlar qo‘yib yuborilishini ma'lum qilishadi.

Olib ketilgan yigitlar yaqinlarining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, uchastka nozirlari ularni tuman IBBga olib ketish chog‘ida harbiy poligonga borish va u yerda 10 kun yashashga to‘g‘ri kelishi haqida hech qanday ma'lumot bermagan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati boshlig‘i Bobur To‘laganov holat yuzasidan Kun.uz muxbirining savollariga javob berarkan, bu ish faqatgina qibrayliklar bilan sodir bo‘lmaganini ma'lum qildi.

«Muqaddam sudlangan, tuzalish yo‘liga o‘tmagan, Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining ro‘yxatida turuvchi 200 nafar uyushmagan yoshlar Xavfsizlik kengashining qaroriga asosan Chirchiqdagi harbiy poligonga olib kelingan. Ular bu yerda 10 kunlik dastur asosida ma'naviy-ma'rifiy darslar, huquq soatlari, harbiy va kasbiy tayyorgarlik mashqlarida qatnashadi.

Yigitlar 3 mahal issiq ovqat va turar joy bilan ta'minlanadi. Mashg‘ulotlardan so‘ng, ularga mehnat birjasi orqali munosib ish topib berish maqsad qilingan, ushbu mashg‘ulotlar ixtiyoriy bo‘lib, harbiy poligonga olib kelinganlarning deyarli barchasi bu yerdagi holatdan rozi. Ba'zi muqaddam sudlangan yigitlar hali ham tuzalish yo‘liga o‘tmagani, yomon xulqidan shikoyat qilingani uchun ota-onasining iltimosi bilan keltirildi» – deydi viloyat IIBB mas'ul xodimi.

Mavzuga oid