O‘zbekiston | 07:48 / 28.01.2021
6721
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi fizika darsligi yaratildi, uni o‘zlashtirgan o‘quvchining repetitorga ehtiyoji qolmasligi kerak - mutaxassis

Fizika fanidan 5–6-sinflar uchun yaratilgan yangi darslik va qo‘shimcha elektron darslikka amaliyot, masalalar, laboratoriyalar kiritilgan. Laboratoriya ishlarini virtual shaklda, animatsion vositalar orqali kuzatish imkoniyati mavjud.

Fizika fanidan 5–6-sinflar o‘quvchilari uchun yaratilgan yangi darslik taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

O‘zbekiston radiotexnika elektronika va aloqa ilmiy texnika jamiyati raisi o‘rinbosari Muhsin Muhiddinovning ta'kidlashicha, tahlil qilinganda, odatda o‘quvchilarning fizika fanidan bilim ko‘rsatkichi boshqa fanlarga qaraganda nisbiy past bo‘ladi. Bunga o‘qituvchilar saviyasi va darslikning murakkabligi sabab bo‘lgan.

«Shuni inobatga olib, fizikadan 5–6-sinflar uchun yangi darslik ishlab chiqdik. Darslikka amaliyot, masalalar, laboratoriyalarni kiritdik. Darslikni o‘quvchi o‘qituvchidan tushunmagan holatda kitobdan o‘qib tushuna oladigan usulda yaratdik», – dedi Muhsin Muhiddinov 27 yanvar kungi brifingda.

Ma'lum qilinishicha, yangi darslikka qo‘shimcha tarzda elektron fizika darsligi ham yaratilgan. Elektron darslikda laboratoriya ishlarini virtual shaklda kuzatish imkoniyati bor. Ya'ni fizik jarayonlarni animatsion vositalar orqali ko‘rish mumkin.

Elektron darslik moliyaviy jihatdan tejamkor, uni katta auditoriyaga yetkazib berish imkoniyati bor. Undagi ma'lumotlarni muntazam ravishda boyitib, to‘ldirib borish ham mumkin.

«Xuddi shunaqa usulda qolgan yuqori sinflar uchun ham darslik yaratishni rejalashtiryapmiz. Elektron darsliklarda masalalar yechishga namunalar berdik. Maktabda mustaqil masala yechish ko‘nikmasini o‘zlashtirgan o‘quvchi oliy ta'limga kirish imtihonlari uchun qo‘shimcha kurs va repetitorlarga ehtiyoj sezmasligini maqsad qildik», – dedi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning fizika fani o‘qituvchisi Ibrohim Fayziyev.

Prezident ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi direktori Hilola Umarovaga ko‘ra, tizimdagi maktablarda yangi darslik 5-sinfdan joriy qilingan. Sinovdan o‘tgandan keyin xalq ta'limi tasarrufidagi qolgan maktablarga ham taqdim qilinadi.

Mavzuga oid