Toşkent bosqiniga 160 yil töldi: özbek tarixçilari bu mavzuni milliy rakursdan yoritişga, rossiyalik vazir esa MDHdagi tarix darsliklarini özgartirişga urinmoqda. Pensiya yoşi oşirilişi mumkin: rasmiylar buni istisno qilmayapti. Prezident administratsiyasiga Saida Mirziyoyeva rahbar böldi, Komil Allamjonov 3-marta administratsiyada iş boşladi. Ortda qolayotgan hafta yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
Toşkent işğol etilganidan 160 yil ötib, Rossiya MDHdagi tarix darsliklarini qayta yozmoqçi
Rossiya imperiyasi Toşkentni bosib olganiga roppa-rosa 160 yil töldi. 1865 yil 17 iyunda, oqpoşşo armiyasining 9 oylik harbiy kampaniyasidan keyin, Markaziy Osiyoning eng asosiy şaharlaridan biri bosqinçilar qöliga ötgan (ayrim manbalarda öşa davr taqvimi böyiça bu sana 29 iyun deb ham körsatiladi). Toşkent mudofaasining qulaşi – mintaqa xalqlari kelajagini butkul özgartirib yuborgan voqea edi. Bu bosqin juda uzoq – amalda 126 yil davom etib, milliy mustaqillik e’lon qilingan 1991 yilga kelibgina yakun topdi.
Muhim sana munosabati bilan, Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari “Toşkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar” mavzusida ilmiy yiğin ötkazdi. Mustamlaka davrida Toşkentning egallanişi bosqinçilar manfaati nuqtayi nazaridan örganilgani va yoritilgani – yiğinning boş mavzularidan biri böldi. Olimlarning sözlariga köra, uzoq vaqt davomida tarixni buzib körsatiş uçun turli nayranglar işlatilgan, toşkentliklarning yursevarligi, butun xalq – yoş-u qari, erkak-u ayollar duşmanga qarşi mardonavor kuraşgani fakti yillar davomida yerga urilgan. Ular örniga turli yasama nazariyalar örtaga taşlanib, mustamlakaçi davlatning bosqinçilik siyosatini oqlaşga tirişib kelingan.
Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyoning sözlariga köra, kun tartibidagi mavzu – nafaqat ilmiy, balki siyosiy mazmunga ham ega. Bosqin va unga qarşi kuraşni şunçaki tarixiy voqea emas, balki bosqinçilarning çin tabiati va xalqimizning erkinlik tuyğusi nuqtayi nazarlaridan örganiş va yoritiş kerak, dedi u.
Bunday ilmiy anjumanlarning ötkazilişi – sobiq mustamlakaçilarning har turli iştahalari tobora karnay bölib borayotgan hozirgi davrda ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Kuni keça Rossiya maorif vaziri aytgan gaplar ham buni tasdiqlaydi. Çorşanba kuni Duma majlisida sözga çiqqan Sergey Kravsov MDHga a’zo ayrim davlatlarning tarix darsliklarida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat borligidan şikoyat qildi. Uning sözlariga köra, Rossiya Ma’rifat vazirligi MDH davlatlarining tegişli vazirlari bilan “yagona tarixiy ötmişni talqin qiliş böyiça yondaşuvlarni kelişiş ustida” işlamoqda. Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda markaziy osiyolik faollardan: “Öz tariximizni qanday yozişni özimizga qöyib beravering” degan mazmunda javoblar yangradi.
Pensiya yoşi oşiriladimi?
Özbekistonda pensiya yoşi oşirilişi mumkin. Rasmiylar bunday ehtimolni istisno qilmayapti. Bu haqdagi muhokamalarga Xalqaro valuta jamğarmasi missiyasining Özbekistonga taşrifi yakunlari böyiça tayyorlagan xulosasi sabab böldi.
Xalqaro taşkilot hisobotidagi jumlalarni oddiy tilga ögirib aytganda, ular yaqin 3-5 yil içida Özbekistonda pensiya tizimi inqirozga uçrab qolmasligi uçun, pensiya yoşini bosqiçma-bosqiç oşirişga çaqiryapti. Bundan taşqari, pensiyani hisoblaşda oxirgi 5-10 yil emas, butun umr davomidagi örtaça maoşni asos qilib oliş, inflatsiyaga qarab pensiyalar miqdori ham avtomatik oşib boradigan tizimga ötiş tavsiya qilingan.
Pensiya jamğarmasi bayonotiga köra, hozir bu tavsiyalarning Özbekiston şaroitiga qançalik mosligi va aholi turmuş darajasiga ta’siri örganib çiqilyapti. Moliya vazirligi huzuridagi taşkilotning va’da qilişiça, pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday özgarişlar “xalqning fikrini inobatga olgan holda” amalga oşiriladi.
Ma’lumot uçun, hozir Özbekistonda örtaça umr köriş davomiyligi 75 yilga teng. Amaldagi pensiya yoşi esa ayollar uçun 55 yoş, erkaklar uçun 60 yoş. Öz vaqtida pensiyaga çiqiş uçun ayollarda iş staji kamida 20 yil, erkaklarda esa 25 yil bölişi kerak. 1 iyun holatiga, yoşga doir pensiya oladiganlar soni 3,5 mln nafarni taşkil etadi. 1 iyuldan boşlab eng kam pensiya 918 ming sömga yetadi. Bu taxminan 72 dollar degani.
Oqlangan fuqaro xatolik sabab 207 kun qamoqda qolib ketdi
Xorazmda köz körib, quloq eşitmagan ğalati voqea röy berdi. Kun.uz suriştiruvida ma’lum bölişiça, Rustam Xöjaniyozov ismli fuqaro sud qarori bilan oqlanganidan keyin ham naq 207 kun qamoqda saqlangan. Bunga sudyalarning hukmni yoziş paytida texnik xatoga yöl qöygani sabab bölgan.
Voqeaga qisqaça töxtalsak, 2023 yil oktyabr oyida Rustam Xöjaniyozov savdo dökoni oldida turgan yoğ mahsulotlarini öğirlaganlikda ayblanib, boşqa 3 kişi bilan birga qamoqqa olingan. Keyinçalik sud uni 3 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, apellyatsiya instansiyasi hukmni özgarişsiz qoldirgan. Viloyat sudining taftiş instansiyasi esa uning harakatlari jinoyat emas, mayda huquqbuzarlik degan qarorga kelgan, lekin hukmni yoziş paytida mahkumni ozod qiliş kerakligi yozilmay qolgan. Natijada fuqaro şu kundan boşlab hisoblaganda 207 kun asossiz ravişda qamoqxonada saqlangan.
E’tiborlisi, oqlanganini Rustam Xöjaniyozovning özi ham, yaqinlari ham bilmay qolgan. Ular sud ajrimini öqigan bölişlari mumkin, lekin, aftidan, ajrimning oxiridagi “şikoyatni qanoatlantiriş rad etilsin” degan jumla ularni çalğitgan. Bu holatda sud haqiqatan ham Xöjaniyozovning şikoyatini rad etgan, çunki u arizasida özini oqlaşlarini emas, ozodlikdan mahrum qiliş bilan boğliq bölmagan jazo tayinlanişini söragan. Sud esa uni jinoyatçi emas deb hisoblab, içki işlar organiga ma’muriy javobgarlik masalasini körib çiqişni tavsiya qilgan.
Holat oşkor bölgaç, Xorazm viloyati sudi taftiş instansiyasi hay’atining şu işni körgan 3 nafar sudyasiga hayfsan berildi. Işni körişda raislik qilgan Uluğbek Bakdurdiyev öz arizasiga binoan jinoyat işlari böyiça sudlov hay’ati raisi lavozimidan ketdi. Ayni paytda fuqaroni 200 kundan oşiq qamoqda saqlaş xarajatlari, ya’ni davlatga yetgan zarar masalasi oçiq qolmoqda.
“Yasalgan” jinoyat işlari
Bu hafta Kun.uz sudlar va içki işlar organlaridagi yana ikkita holatdagi adolatsizliklar haqida yozdi. Suriştiruvlarimizga köra, içki işlar organlarida “rezultat” körsatiş uçun jinoyat işlarini osmondan olib yasaş holatlari davom etyapti. Ötgan yili Qibrayda xasta va himoyasiz 35 yoşli beva ayol IIB xodimlarining nişoniga aylanib, bolasini sotgan degan ayblov bilan 8 yilga qamab yuborilgan, Kun.uz suriştiruvidan keyin ozodlikka çiqarilgan edi. Tahririyatga ma’lum bölişiça, şunga öxşaş holat Navoiy viloyatida ham kuzatilgan.
Navoiydagi “yasama jinoyatlar” doirasida 20 yoşli bir qiz 2 yilga, 23 yoşli boşqa bir ayol 3,5 yilga qamalgan. Tergov va sud hujjatlarida ular çaqaloğini 5 va 10 mln sömga sotişga uringani aytiladi. Lekin tafsilotlardan körinib turibdiki, har ikkita jinoyat işi protsessual normalarga mutlaqo zid ravişda olib borilgan, sudyalar esa negadir eng muhim jihatlarga köz yumgan. Kun.uz boş muharriri Dilşod Abduqodirov bu uyuştirilgan jinoyatlarga Içki işlar vazirligining jamoatçilik kengaşi yiğilişida vazir Aziz Toşpölatovning e’tiborini qaratdi. Masalani diqqat bilan tinglagan vazir Tergov departamenti boşliği va Öz xavfsizligi boşqarmasiga xizmat tekşiruvi ötkazişni buyurdi.
Saida Mirziyoyeva – prezident ma’muriyati rahbari
Prezident administratsiyasida kadr almaşuvlari röy berdi. Davlat rahbarining farmoni bilan, 2023 yilda tugatilgan administratsiya rahbari lavozimi tiklandi va bu lavozimga Saida Mirziyoyeva tayinlandi. U 2023 yil avgustidan beri prezident yordamçisi sifatida işlab kelayotgan edi. Saida Mirziyoyeva bundan oldin Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori örinbosari, Mass-media fondi raisi örinbosari, Prezident administratsiyasida axborot siyosati böyiça şu’ba mudiri kabi lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.
Sanab ötilgan taşkilotlarda Mirziyoyeva bilan yonma-yon işlagan Komil Allamjonov öz faoliyatida uçinçi marta Prezident administratsiyasida iş boşladi. U administratsiya rahbariga jamoatçilik asosida mustaqil maslahatçi etib tayinlandi. Ma’lum qilinişiça, Allamjonov bu lavozimda innovatsion iqtisodiyot, investitsiyalar va söz erkinligi kabi sohalarda Saida Mirziyoyevaga ekspertlik yordamini körsatadi.
Administratsiyadagi boşqa özgarişlarga kelsak, davlat rahbarining yordamçisi sifatida işlab kelgan Aziz Mağrupov prezidentning taşqi investitsiyalar böyiça maslahatçisi lavozimiga ötkazildi. Şavkat Mirziyoyevning boşqa bir maslahatçisi Bekzod Mavlonov esa, prezident yordamçisi etib tayinlandi. Şuningdek, davlat rahbarining tanqidi bilan tugatilgan administratsiyaning nazorat inspeksiyasi boşliği Saidlaziz Saidkarimov hamda departament rahbarlari Ötkirjon Qodirov va Jahongir Ibragimov lavozimlarini tark etdi.
Bu hafta yana nimalar röy berdi?
Markaziy bank milliy valuta kursiga köproq erkinlik bera boşlagani oydinlaşmoqda. Sönggi ikki haftada AQŞ dollari avvaliga ketma-ket olti savdo kunida salkam 300 sömga arzonlaşgan bölsa, keyin tört kun içida qariyb 250 sömga mustahkamlandi. Duşanba kuni rasmiy kurs 12 410 sömgaça qulaşi ortidan, özbekistonliklar oxirgi 1,5 yil içidagi eng arzon dollar kursiga guvoh böldi. Şundan keyin trend ösuvçi şaklga ötdi. Oxirgi paytlarda tebranişlar diapazoni kengayganiga qaraganda, Markaziy bank sömga köproq erkinlik beriş haqidagi çaqiriqlarga amal qila boşlagan körinadi. Bu – Xalqaro valuta jamğarmasi missiyasi şu hafta e’lon qilgan hisobotda ham qayd etilgan. Valuta kursini liberallaştiriş – iqtisodiyotning taşqi şoklarga çidamliligini oşiradi, deydi ekspertlar.
Özbekiston suveren kredit reytingini oşirişga erişdi. Fitch agentligi Özbekistonning çel el valutasidagi kredit reytingini “BB-”dan “BB”ga kötardi va prognozni “barqaror” deb belgiladi. Agentlik buni islohotlarning jadalligi va örta istiqbolda kutilayotgan iqtisodiy ösiş ehtimollari bilan izohlagan. Ötgan haftalarda katta uçlikka kiruvçi S&P va Moody’s ham öz xulosalarini e’lon qilgan, ular Özbekistonning suveren reytingini özgarişsiz qoldirib, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oşirgan edi. Eslatib ötamiz, Özbekiston 2030 yilga borib suveren reytingini investitsion darajaga olib çiqişni maqsad qilgan.
Ikkita tumanda hokim örinbosarlari korrupsiya sababli qamaldi. Xorazm viloyati Qöşköpir tumani hokimining sobiq örinbosari Bekzod Davlatov 25 ming dollarlik pora işida dalolatçilik qilganlikda ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qaşqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining sobiq örinbosari Şerdil Ergaşev esa 5 ming dollar pora bilan qölga tuşgani uçun 5 yilga qamaldi. Bu hafta nazarga tuşgan amaldorlardan yana biri – Urgut tumani hokimi örinbosari Zuhriddin Amonov. U fermerlarga yerini xitoyliklarga berib yuboriş bilan tahdid qilgani ortidan, lavozimi kötarildi: Amonov faoliyatini Samarqand viloyati veterinariya boşqarmasi boşliği sifatida davom ettiradi.
Özbekiston prezidenti tarixda ilk marta Möğulistonga taşrif buyurdi. Ikki davlat rahbarlari Keng qamrovli şeriklik munosabatlarini örnatiş töğrisida deklaratsiya imzoladi. Özaro savdoni 20 barobarga oşiriş, töğridan töğri aviareyslarni yölga qöyiş, yangi transport marşrutlarini oçiş va foydali qazilmalar sohasidagi hamkorlik – muzokaralarning asosiy mavzulari böldi. Tomonlar özaro investitsiyalarni himoya qiliş va imtiyozli savdo töğrisida bitimlar tuzişni tezlaştirişga kelişib oldi.
Muallif – Komron Çegaboyev
Doimiy boşlovçi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirçi – Şohruz Abdurayimov










