11:25 / 03.02.2021
18760

Yangiyo‘lda 8 yashar qizni olib ketmoqchi bo‘lgan shaxs qidirilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘l shahrida 8 yashar qizni begona shaxs olib ketmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, hozirda holat Yangiyo‘l shahar IIB va prokuratura nazoratiga olingan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

“Asosiysi, o‘quvchi qiz sog‘lom va ota-onasining yonida. Maktabdagi darslarda ishtirok etmoqda”, - deyiladi izohda.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 29 yanvar kuni soat 12:10larda Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 2013 yilda tug‘ilgan, 1-sinf o‘quvchisi S.A. darsini tugatib maktabdan chiqqan vaqtida uning yoniga noma'lum shaxs kelgan va u bilan suhbatlashgan. Unga shirinlik olib berishini aytib, qo‘lidagi maktab sumkasini olib birgalikda bozor tomonga harakatlangan.

Ular biroz yo‘l yurgandan keyin qizaloq u bilan ketmasligini aytib, yig‘lay boshlagan. Shundan so‘ng, u qizga maktab sumkasini qaytarib bergan va o‘zi yo‘lda davom etgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video xabarlarda ham aks etgan.

Holat yuzasidan kelib tushgan xabarga asosan shahar IIB tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari boshlangani aytiladi.

Surishtiruv davomida qizning ota-onasi videotasvirda aks etgan shaxsni tanimasligini ma'lum qilgan.

Hozirda ushbu shaxsning kimligini aniqlash va holatga huquqiy baho berish yuzasidan shahar IIB xodimlari tomonidan surushtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

“Qayd etish joiz, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu vaziyat bilan bog‘liq bo‘rttirilgan yolg‘on axborot va fuqarolar tomonidan hech bir asosga ega bo‘lmagan, odamlarda shubha tug‘diruvchi turli ovozli xabarlar tarqatilmoqda.

Shu o‘rinda, fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini axborot xurujlari va yolg‘on ma'lumotlar ostidagi zararli ta'sirlardan hushyorlikka chorlab, jurnalist va blogerlardan har bir vaziyatga xolis yondashishni, asoslanmagan xabarlarni tarqatmaslikni va noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz”, - deyiladi viloyat IIBB ma'lumotida.

Top