Mazkur davlat dasturi loyihasi joriy yilning 18–28 yanvar kunlari 2021.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz veb-portallari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.
Muhokamalar doirasida farmon loyihasi mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 700ga yaqin, teleradiokanallarda qariyb 400ta chiqish va eshittirishlar efirga uzatildi.
Natijada, loyiha bo‘yicha 4 mingga yaqin takliflar kelib tushdi. Xususan, davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 1 239 ta, sud-huquq yo‘nalishida – 479ta, iqtisodiyot sohasida – 901ta, ijtimoiy sohada – 1018ta, tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishida– 146ta.
Takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, loyihaga jami 50ga yaqin konseptual hamda 100dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
2021 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. so‘m hamda 2 600,4 mln. AQSh dollari va 57,5 mln. yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat dasturi jami 274ta banddan iborat bo‘lib, birinchi – davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 20ta, ikkinchi – sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha – 18ta, uchinchi – iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha 113ta, to‘rtinchi – ijtimoiy soha yo‘nalishi bo‘yicha 93ta, beshinchi – tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha 30ta banddan iborat vazifalar belgilab olingan.
2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqiladi
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Farhod Ishankulovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, farmon bilan davlat dasturi loyihasining birinchi yo‘nalishiga 20-band sifatida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi kiritilgan. Ushbu vazifa jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan dastlabki Davlat dasturi loyihasida aks ettirilmagandi.
Shuningdek, Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq yana bir qator takliflar berilgan. Jumladan, davlat dasturi loyihasining 4-bandida nazarda tutilgan davlat boshqaruvi xodimlari sonining o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni amalga oshirishda mehnat qonunchiligiga qat'iy rioya etgan holda qisqartirishga tushgan xodimlarni egallab turgan lavozimi darajasida ish bilan ta'minlash hamda dastur loyihasining 11-bandida nazarda tutilgan bepul yuridik yordam tizimini rivojlantirishni davlat tomondan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi takliflar berilgan va bu takliflar prezident farmonida aks ettirilgan.








