Adabiyotshunos Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida o‘z fikrlarini o‘nlab shoirlar va ularning ijodi misolida sanab o‘tgan. Quyida maqolaning birinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Oxirgi vaqtlarda faqat siyosat, iqtisodiyot emas, ma'naviyat sohasida ham ziyolilar va ma'rifat kishilarini xursand qiladigan bir qator ishlar amalga oshirilganligidan har qancha mamnun bo‘lsak arziydi.

O‘zbekistonda minglab ijodkorlar (ko‘plari uyushmaga a'zo emas) – shoirlar, yozuvchilar, dramaturglar, adabiyotshunoslar va tarjimonlar ham ancha faollashib qoldi. Ilgarigi sukunat o‘rnini qaynoq ijodiy mehnat egallagani quvonarlidir.

Men e'tiboringizni boshqa bir mavzuga – haqiqiy san'at asari bilan soxta, qo‘lbola she'rlar o‘rtasidagi farq yo‘qolib borayotganligi, makulatura shaklidagi qalbaki kitoblar adabiyot muxlislarining saviyasini tushirib yuborayotganligi, bu esa haqli ravishda xalqimizning e'tiroz va noroziligiga sabab bo‘layotganligi haqida so‘z yuritmoqchiman.

She'r – non kabi aziz va ilohiy ne'mat. Alisher Navoiy, Usmon Nosir, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo yaratgan nodir durdonalar xalqimizning ma'naviy mulkiga aylangan.

Afsuski, bugungi kunda ayrim taniqli va yosh shoirlar ijodida she'rga yuzaki yondashish, odamlarning xohish va istagini mensimaslik, san'atdan yiroq satrlarni  she'r deb atash urf bo‘lib qolganligi nihoyatda tashvishlanarlidir. Hatto O‘zbekiston xalq shoiri yuksak unvoniga sazovor bo‘lganlar ham badiiy jihatdan nihoyatda bo‘sh, ritorikadan iborat g‘arib misralarni she'r, deya kitobxonga taqdim etishdan uyalmayaptilar.

 E'tirozlar umumiy so‘zlardan iborat bo‘lib qolmasligi uchun o‘nlab “she'r”ni e'tiboringizga havola etishni ma'qul ko‘rdim.

Kel-yey, tenglik kuni, qutlug‘ adolat oni,navro‘zim!

Adolatli diyorimning aziz mehmoni, Navro‘zim!

Sochib kel qir-adirlarga boychechak, lolaqizg‘aldoq,

Yashillik istagan yerning o‘zing bo‘l joni, Navro‘zim!

 

Taqib olsin tovon o‘pgan sochiga tolpopuklarni

Qoshi o‘sma suvin ichgan elim jononi, Navro‘zim!