O‘zbekiston | 10:21 / 17.02.2021
5456
2 daqiqa o‘qiladi

Eron kompaniyasi Farg‘onada yirik kimyoviy majmua barpo etishni rejalashtirmoqda

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Eronning “Gharavi Chemical Industries Group” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar bermoqda.

Eronda kimyoviy majmualar barpo etish, kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda sotish bilan shug‘ullanuvchi “Gharavi Chemical Industries Group” boshqaruv kengashi vakillari Rajabijorshariy Alirizo Mustafo va Mandui Mas'ul G‘ulom, shuningdek kompaniya hamkori, investitsiyalar bo‘yicha konsultant Mahmud Muhammad Naderyan bilan bo‘lgan uchrashuvda Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati 15,2 million dollar bo‘lgan uch bosqichli kimyoviy majmua barpo etish loyihasi muhokama etildi.

Eronda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 12 turdagi korxonani birlashtirgan ““Gharavi Chemical Industries Group” 40 turdan ortiq mahsulotlarini dunyoning 20ga yaqin mamlakatiga eksport qiladi. 

15,2 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga “Qo‘qon” EIZ hududida 10 gektar maydonda barpo etilishi ko‘zda tutilayotgan majmua loyiha qiymati 6,2 million dollar bo‘lgan va yillik 50 ming tonna natriy bikarbonat ishlab chiqaruvchi korxona, loyiha qiymati 5 million dollar bo‘lgan va yillik 50 ming tonna etilatsetat ishlab chiqaruvchi korxona hamda loyiha qiymati 4 million dollar bo‘lgan va yillik 12 ming tonna etanol ishlab chiqaruvchi korxonadan iborat bo‘ladi.

Eronliklar ushbu majmuani ikki bosqichda – dastlabki bosqichda 1,5 yilda natriy bikarbonat ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirishni, keyingi bosqichda yana shuncha davrda etilatsetat va etanol ishlab chiqaruvchi korxonalarni barpo etish rejalarini bildirdi. Viloyat hokimi majmua loyihasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirib, har uch korxonani barpo etishga bir vaqtda kirishishni taklif etdi. Bu taklif eronliklar tomonidan qabul qilingani aytiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid