Seshanba tushlikdan so‘ng AQSh Senatida Pentagon rahbari Pit Hegset va general Keyn Erondagi urush uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rab, senatorlar oldiga chiqdi. Hegset Tehronga Pekin va Moskva yordam berib kelayotganini gapirdi. Tramp esa Eron urushi kuzdagi saylov natijalariga hech qanday ta’sir qilmaydi, deya uqtirmoqchi. Shuningdek, u yaqin muddatda Eron yerosti yadroviy inshootlariga zarba berilishini ma’lum qildi.

Donald Tramp yaqin muddatda Eronning yer ostida saqlayotgan yadroviy inshootiga zarba berilishini ma’lum qildi. Bu haqida prezident 21 iyul kuni Oq uyda Livan prezidenti bilan uchrashuv oldidan OAV vakillarining savollariga javoban aytib o‘tdi.

Tramp ushbu zarba Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq deb taxmin qilinadigan mustahkam yerosti inshooti bo‘lgan Pikaxe tog‘ hududlariga bo‘lishiga shama qilmoqda.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset esa hozirgacha Eron bilan urushga 37,5 mlrd dollar sarflanganini ma’lum qildi. Biroq mustaqil ekspertlar haqiqiy xarajatlar bundan ham ko‘p ekanini gapirishmoqda.

Seshanba tushlikdan so‘ng mudofaa vaziri Pentagon xarajatlarini yanada oshirish uchun Kongress senati oldida chiqish qildi. Unga AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn hamrohlik qilgan. Hegset Eronga Rossiya va Xitoy jiddiy yordam berayotganini ta’kidladi.

“Ikkala davlat ham turli darajalarda bo‘lib, Eron qilayotgan ba’zi ishlarni amalga oshirishga imkon yaratmoqda. Xitoy Eronga yangi havo mudofaasi tizimlarini yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan. Rossiya esa Eronga Ukrainadagi urushdan keyingi ilg‘or dron taktikalari bilan Yaqin Sharqdagi AQSh va Fors ko‘rfazi davlatlari nishonlariga zarba berishda yordam bermoqda”, deydi Pentagon rahbari.

Shuningdek, urush oqibatida halok bo‘lgan, yaralangan harbiylar soni osharkan, Tramp buni boshqa urushlardagi yo‘qotishlar bilan qiyoslashni boshladi. Bu bilan prezident avvalgi urushlar oldida hozirgi yo‘qotishlar juda kam demoqchi bo‘lmoqda.

Prezidentning Truth Social’da yozishicha, Afg‘onistondagi 20 yillik urushda 2000 kishi, Iroqdagi 9 yillik urushda 4600 nafar, Vetnamdagi 19 yillik urushda 58 220 kishi, Koreya urushida 3 yil ichida 36 574 kishi halok bo‘lgan. Tramp Venesueladagi harbiy operatsiyasini urush deb atab, unda hech kim o‘lmagani, Erondagi urushni esa harbiy mojaro deb atab, unda atigi 18 kishi halok bo‘lganini qo‘shib o‘tgan. AQSh OAV urushning harbiy mojaro deb ko‘rsatilishini keng muhokama qilmoqda.

Prezident raqamlarga iqtibos keltirmadi, ammo ular mudofaa vazirligi ma’lumotlariga mos keladi, lekin mudofaa qurbonlarini tahlil qilish tizimi Venesuelani urush deb tan olmagan.

Kuzda Kongressga saylov bo‘lib o‘tadi. Urush sabab respublikachilarning mag‘lubiyati yanada aniqmi? Trampga ko‘ra, yo‘q. Bu bilan prezident ommaga ta’sir o‘tkazish niyatida, urushning saylov natijalariga ta’sir qilmasligini singdirishga harakat qilyapti.

Gapining davomida esa Tramp Venesueladagi operatsiya bilan maqtanib, odamlar bundan qattiq ta’sirlanganini gapirdi.

Urush oqibatida AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy va aviabazalari hujumga uchragan. CNN telekanalining xabar berishicha, Amerika bu bazalarni tiklash yoki ko‘rilgan zararni qoplashga pul berishni hozircha xarajatlari ro‘yxatiga qo‘shmadi.