Donald Tramp 22 iyul kuni kechqurun o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eron tomonidan amalga oshiriladigan har qanday yangi hujumga AQSh tomonidan zudlik bilan javob qaytarilishini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Eron kemalarga raketa, dron yoki boshqa har qanday qurol yordamida hujum qilgan taqdirda ham, AQSh Eron hududidagi muhim infratuzilma ob’yektlarini nishonga oladi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, nishonlar qatoriga Tehron shahrida yoki uning atrofida joylashgan ko‘priklar hamda elektr stansiyalari ham kirishi mumkin.
Wall Street Journal: AQSh Erondagi transport infratuzilmasiga zarba bergan bo‘lishi mumkin
O‘tgan hafta ommaviy axborot vositalari AQSh Erondagi bir qator ko‘priklar va aeroportlardan biriga zarba bergani haqida xabar tarqatdi. Biroq bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.
The Wall Street Journal nashri manbalarga tayanib yozishicha, ehtimoliy hujumlarning maqsadi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilida joylashgan Eron harbiy-dengiz bazasining ta’minot zanjirini uzish bo‘lgan.
Eron qo‘shni davlatlarga hujumlarni kuchaytirgan
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu voqealardan keyin Eron Fors ko‘rfazi mintaqasidagi AQSh ittifoqchilari hisoblangan davlatlarga nisbatan hujumlarni qayta boshlagan.
Jumladan, Kuvayt, Bahrayn va Qatar hududlari nishonga olingani haqida xabarlar berilmoqda.
BMT AQShning ehtimoliy harakatlaridan xavotir bildirdi
Eronning BMTdagi doimiy vakili AQShning fuqarolik infratuzilmasiga qarshi zarbalari xalqaro gumanitar huquqni buzishi va harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini ma’lum qildi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham o‘z matbuot kotibi orqali tarqatilgan bayonotda Eron va butun mintaqadagi fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi.
AQSh: Faqat harbiy nishonlar urib tushirilmoqda
O‘z navbatida, AQSh Qurolli kuchlari yuqori aniqlikdagi qurollar yordamida Erondagi o‘nlab harbiy nishonlar yo‘q qilinganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, nishonlar orasida havo mudofaa tizimlari, radiolokatsiya qurilmalari hamda sohil hududini kuzatish uchun ishlatiladigan ob’yektlar bor.















