Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Tanzila Norboyeva mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
“So‘nggi yillarda ayollarga turli lavozimlar ishonib topshirilmoqda. Lekin ayollarga faqat ayol bo‘lgani uchungina mansab berilmasligi kerak. Bizning ayollarimiz bu borada ishonchni oqlayaptilar, mana, bugungi kunda 6 nafar hokim ayollarimiz bor. Ularning har biri murakkab tumanlarda ish boshlaganiga qaramay, yaxshi natijalarga erishyapti. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Prezident maktablari rahbari ham yosh ayollar.
Hozir parlamentdagi ayollar soni bo‘yicha 17-o‘ringa ko‘tarildik. 190dan ortiq parlamentlar bilan hamkorlik o‘rnatganmiz, muntazam aloqadamiz. Ular bizni tabriklashdi va O‘zbekistonda yirik anjuman o‘tkazish taklifini bildirishdi. Maqsadimiz - parlamentda ayollar sonini 30 foizga yetkazish”, – dedi Senat raisi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan selektor o‘tkazgandi. Unda xotin-qizlarga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.











