Jamiyat | 11:44 / 08.03.2021
8128
2 daqiqa o‘qiladi

Izboskandagi muruvvat uyi: oila mehridan boshqa bari bor maskan

Kun.uz muxbirlari 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida mehrga tashna qalblar maskani - Andijon viloyati, Izboskan tumanidagi Chuama ayollar muruvvat uyiga bordi.

Muruvvat uyida ayni paytda I va II guruh nogironligi bo‘lgan, imkoniyati cheklangan 322 nafar xotin-qizlar davolanib, istiqomat qilib kelmoqda. Davolanish uchun barcha qulayliklar bo‘lishiga qaramasdan, ular mudom oilasini, yaqinlarini qo‘msab yashashadi.

Kunlik muolajalardan tashqari, ular 11ta to‘garakka a'zo bo‘lgan holda turli kasblarni puxta egallash va sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib vaqt o‘tkazishadi.

Muruvvat uyiga 16 yoshdan qabul qilinadi. Agar bemor shifo topsa yoki yaqin qarindoshlari, vasiylikka olgan shaxslar kelgusida yetarlicha sharoit va imkoniyat yaratib bera olishi uchun kafillik bersagina bemorga muruvvat uyidan ruxsat beriladi. Aks holda ular umrining oxirigacha shu yerda davolanadilar.

Biz tashrifimiz davomida bu yerdagi yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Tarbiyalanuvchilar bilan suhbatlashdik. Ularning har birida kelajak uchun o‘z orzulari bor.

—  Mana shunday tashriflar tarbiyalanuvchilarimiz uchun o‘ziga xos quvonch bag‘ishlaydi, — deydi Muruvvat uyi direktori Matlubaxon Toshtemirova. — O‘tgan gal televideniye orqali muruvvat uyimiz haqida lavha namoyish etilgach, tarbiyalanuvchilarimizning ko‘pining oila a'zolari xabar olgani kelishdi. To‘g‘risi, hamma sharoitni yaratib berganimiz bilan ularning yaqinlari beradigan mehrni bizdan olisholmaydi.

Imkoniyati cheklanganiga qaramasdan yashash uchun kurashdan to‘xtamagan, o‘zining sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar borligiga guvoh bo‘ldik.

Ko‘pchiligimiz to‘rt muchamiz sog‘ bo‘lsa ham, joyi kelganda dangasalikni yengishga kuchimiz va irodamiz yetmaydi. Lekin mana shu Muruvvat uyi tarbiyalanuvchilaridan ko‘p narsada o‘rnak olsak arziydi: ayniqsa hayotni sevish, yaqinlarni qadrlashda.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir Mahmudov.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid