«Bugungi kunda jahonning ilg‘or mamlakatlaridan biri bo‘lgan Germaniya sanoat va texnologiyalar borasida tan olingan peshqadam sifatida global iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Bundan tashqari, Germaniya pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etib, jahon mamlakatlariga, shu jumladan, O‘zbekistonga katta amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Xususan, Germaniya ko‘magi bilan COVAX tashabbusi doirasida shu oyning oxirida mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi yirik partiyasi yetkazib beriladi. Bundan tashqari, Yevropaning yuqumli kasalliklarni o‘rganish sohasidagi nufuzi ilmiy-tadqiqot muassasasi – Robert Kox instituti bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan.
O‘zbekiston va Germaniya yetakchilarining bugungi uchrashuvi kun tartibidan jahonda murakkab epidemiologik vaziyat oqibatida inqirozli hodisalar kuchayishi sharoitida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston prezidenti va Germaniya kansleri ikki yil avval Berlin shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani ikki tomonlama munosabatlarning barqaror sur'atlar bilan rivojlanishini ta'minlayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etishgan.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yangi demokratik yangilanishlar siyosatini og‘ishmay qo‘llab-quvvatlayotgani hamda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga moliyaviy-texnik jihatdan ko‘maklashish dasturini kengaytirayotgani uchun GFR hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Germaniya O‘zbekistonning muhim texnologik va investitsiyaviy sherigi bo‘lib kelmoqda.
Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ko‘paydi, 50ga yaqin yangi qo‘shma korxona tashkil etildi. O‘zbekistonda Germaniyaning «MAN», «Claas», «Knauf», «Papenburg» kabi mashhur kompaniyalari faol ishlamoqda. «Volkswagen» va «Viessmann» kompaniyalari ilk bor yurtimiz bozoriga kirib kelgan bo‘lsa, uzoq tanaffusdan so‘ng «Siemens» va «Bosch» kompaniyalari qaytib keldi. O‘tgan yilda Germaniya kompaniyalari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshdi.

















