Vazirlar Mahkamasining “Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta'lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Xalq ta'limi sohasida navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta'lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish munosabatlarini tartibga solish hamda tadbirkorlik sub'yektlarini yanada rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Quyidagilar:

Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta'lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berish tartibi to‘g‘risida nizom;

Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta'lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berishda davlat budjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Moliya vazirligi navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta'lim maktablarini ishonchli boshqaruvga olgan xususiy sektor vakillariga belgilangan tartibda budjet subsidiyalari ajratilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, xalq ta'lim muassasalari bino-inshootlari va yer uchastkalarining ta'lim sohasidan boshqa maqsadlarda yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi qat'iyan taqiqlanadi.

Bunda, mazkur band talablari faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha foydalanilmayotgan, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan xalq ta'limi sohasida foydalanish maqsadga muvofiq emas deb topilgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlari hamda yer uchastkalariga tatbiq qilinmaydi.

Nizom Fuqarolik kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida joylashgan navbatlilik koeffitsiyenti past, ya'ni umumta'lim muassasasi quvvatiga nisbatan to‘lganlik koeffitsiyenti 0,7dan past bo‘lgan umumta'lim muassasalarini ishonchli boshqaruv asosida xususiy sektor vakillariga berish tartibini belgilaydi.

Umumta'lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruvga berish Xalq ta'limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ishonchli boshqaruv asosida topshirilayotgan umumta'lim muassasalarini saqlash uchun, jumladan, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlari va boshqa zarur xarajatlar moliyalashtirilishi qaror ilovasi bilan tasdiqlangan “Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta'lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berishda davlat budjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.