Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Saudiya neft eksporti xavf ostida

Agar Saudiya Arabistoni Qizil dengizga boruvchi asosiy quvurini bir necha kun ichida qayta ishga tushirmasa, eksport uchun neft zaxiralari tugaydi. Bu esa global taʼminotning 4 foizgacha qisqarishiga olib keladi, deb yozmoqda Reuters.

Saudiya yetkazib berish hajmining yanada qisqarishi shusiz ham global yoqilgʻi narxlarini rekord darajaga koʻtargan global taʼminot taqchilligini yomonlashtiradi.

Juma kuni husiylarning dron hujumlari Saudiya Arabistonining ulkan sharq-gʻarb neft quvurini yopishga majbur qilgandi. Hozircha Ar-Riyod zarar koʻlami yoki ushbu yoʻnalish qancha vaqt ishlamasligi haqida maʼlumot bermadi.

Manbalarga koʻra, zararni tiklash besh-olti haftagacha davom etishi mumkin. Yana bir rasmiy esa quvur tezroq taʼmirlanishi va bu vaqtda ham yoqilgʻini uzatishni qisman tiklash mumkinligini aytmoqda.

Quvur ishdan chiqqani sababli, Yanbu portida Saudiya eksportini atigi besh-yetti kun saqlab qolishga yetadigan zaxira qolgan.

Quvurga qilingan hujumdan tashqari, husiy jangchilari juma kuni Qizil dengizning boʻgʻoz kirish qismidagi orolni ham egallab olishgan.

Oʻtgan olti oy davomida Arabiston choʻllari boʻylab oʻtuvchi ming kilometrdan ortiq ushbu quvur saudlarni - Hoʻrmuzning yopilishi taʼsiridan asrab qolgandi.

Dunyodagi eng yirik eksport quvuridan kuniga taxminan 4 million barrel – jahon taʼminotining taxminan 4 foizi oʻtadi.

«Dizelga zarba bermang»

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainani Rossiyaning dizel infratuzilmasiga zarba berishni toʻxtatishga chaqirdi. Trampga koʻra, bu hujumlar dunyoga «ziyon yetkazayotgan» yoqilgʻi taqchilligiga sabab boʻlmoqda.

Soʻnggi oylarda Rossiyadagi neft zavodlariga Ukraina dronlari tinmay hujum qilmoqda. Bu Rossiyada yoqilgʻi ishlab chiqarishni kamaytirib, benzin taqchilligiga olib keldi.

«Janob Zelenskiy bitta narsani qilishi kerak: u Rossiyadagi dizel yoqilgʻisini ishdan chiqarishni toʻxtatishi kerak», dedi Tramp yakshanba kuni Irlandiyadagi oʻz oilasiga tegishli golf maydoniga tashrifi chogʻida.