Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi. Abduhakimov hozirda Xorazm viloyatida safarda bo‘lib turgani munosabati bilan matbuot anjumanida onlayn ravishda qatnashib, mamlakatimizda turizmni rivojlantirishda yaratilayotgan qator imkoniyatlar haqida so‘zladi. Xususan, O‘zbekiston-Hindiston hamkorligi doirasida mamlakatimizda ilk bora amalga oshirilayotgan shahar ichidagi shahar Minerva City hamda HYATT mehmonxonalarining qurilishi bu katta o‘zgarish ekanligini ta'kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida Murari Lal Jalan so‘zga chiqib, MJ Developers yashash, hordiq va ishlash uchun shunchaki binolar qurmaydi – ular yangi ko‘chmas mulk bilan hayot qanchalik o‘zgarishi mumkinligini namoyish etishi haqida ta'kidladi. Buxoroda birinchi, O‘zbekistonda ikkinchi 5 yulduzli, 223 nomerli HYATT mehmonxona 2022 yilda ochilishi haqida aytib o‘tdi.

Murari Lal Jalanning so‘zlariga ko‘ra, Buxoroda qurilishi rejalashtirilgan HYATT mehmonxonasi loyihasi MJ Developers hamda Hyatt Regency hamkorligida amalga oshiriladi.

Shu yerning o‘zida MJ Developers kompaniyasi Hyatt Regency Bukhara bilan litsenziyalangan shartnomani imzoladi.

Hyatt Regency Bukhara

YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoroning tarixiy markazi yaqinida joylashgan Hyatt Regency Bukhara mehmonlarga shaharning mashhur masjid-u madrasalari va eski bozorlarning unutilmas taassurotlarini taqdim etadi. Toshkent bilan bir qatorda Buxoro ham O‘zbekistondagi eng jozibali shaharlardan biridir. Mehmonxona dam olish uchun sayyohlar va biznes mehmonlari uchun ideal maskan bo‘ladi.

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Buxoro azaldan savdo, ilm-fan, madaniyat va din markazi bo‘lgan. Buxoroning me'moriy ko‘rkamligi qadimgi shahar maqomini YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga ko‘tardi, bu esa dunyoning turli burchaklaridan ulkan «Ark» qo‘rg‘oni yoki «Bolo Hovuz» masjidiga qiziquvchilarni jalb qiladi. Boshqa mahalliy diqqatga sazovor joylardan sanalgan Ismoil Somoniy maqbarasi va Kalon masjidi ham mehmonxonaga yaqin masofada joylashgan.