O‘zbekiston | 12:29 / 02.04.2021
24961
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olib yurish talabini bekor qilish taklif etilmoqda

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida transport boshqaruvi paytida haydovchining kerakli hujjatlari bo‘lmagani uchun belgilangan jarimani bekor qilish taklif etilmoqda.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 1-qismiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslar transport vositalarini boshqargani uchun BHMning 1 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Jamoatchilik tomonidan ushbu tartibga o‘zgartirish kiritish taklifi berilmoqda.

«Hozirda barcha DYHXX xodimlari maxsus planshetlar bilan jihozlangan va ular yagona ma'lumotlar bazasiga ulangan. Ma'lumotlar bazasida transport vositalarini qayd etish guvohnomalari va haydovchilik guvohnomalari haqidagi ma'lumotlar mavjud. Ma'lumotlar bazasida haydovchilar to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar joylashtirilgan va ushbu bazaga barmoq izi orqali identifikatsiya qilish tizimi joriy etilgan bo‘lsa, u holda tegishli hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmagani uchun jarima qo‘llashning nima zarurati bor?» deyiladi taklif matnida.

Shu sababli transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini raqamli texnologiyalar (planshet) vositasida aniqlash va ushbu hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmagani uchun javobgarlikni qo‘llash amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda.

Portalda e'lon qilingan mazkur taklif 12 104 ta ovoz bilan ma'qullanmoqda (parlament o‘rganib chiqishi uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ovozlar soni 10 ming).

Bundan oldinroq Qozog‘istonda haydovchilarga o‘zi bilan haydovchilik va transport vositalarini qayd etish guvohnomasini olib yurmaslikka ruxsat beruvchi qonun imzolangan edi.

Mavzuga oid